O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ashxobodda "Made in Uzbekistan" Milliy sanoat ko‘rgazmasi ish boshladi
2018-03-29 | Iqtisodiyot
Turkmaniston O‘zbekistonning strategik sheriklaridan biri. So‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va yaxshi qo‘shnilik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning oliy darajadagi uchrashuvlari o‘zaro hamkorlik rivojiga kuchli turtki berdi. Bu mamlakatlarimizning siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlari jadal rivojlanib borayotganida o‘z ifodasini topmoqda.
Mazkur ko‘rgazma Turkmanistonda O‘zbekiston milliy sanoat mahsulotlari va investitsiyaviy salohiyatini namoyish etish, ushbu mamlakat kompaniyalari bilan tijoriy-sheriklik shartnomalari tuzish, ishbilarmon doiralarni yurtimizning ilmiy-ishlab chiqarish salohiyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etildi. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan 100 dan ortiq yirik sanoat korxonalari va tadbirkorlar ishtirok etmoqda.
Ikki blokdan iborat yarmarka pavilyonlarida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan keng turdagi sanoat mahsulotlari, jumladan, to‘qimachilik, oziq-ovqat, charm-poyabzal, maishiy texnika, qurilish mollari va boshqa mahsulotlar namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston va Turkmaniston ishbilarmon doiralarining biznes-forumini tashkil etish rejalashtirilgan. Uning doirasida qiymati bir necha million AQSh dollariga teng eksport shartnomalari imzolanishi mo‘ljallanmoqda.
Uch kun davom etadigan tadbir doirasida o‘zbek va turkman san’at ustalarining madaniy dasturi ham namoyish etiladi.
Bayram Aytmurodov, O‘zA