O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yaponiyada O‘zbekistonning sud tizimidagi islohotlarga oid taqdimoti bo‘lib o‘tdi
2018-03-29 | Iqtisodiyot
Sudyalar oliy kengashi huzuridagi tadqiqot markazi va Bosh prokuratura Oliy o‘quv kurslari vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi joriy yilning 22 mart kuni Tokio shahrida tashkil etilgan “O‘zbekistonda ma’muriy tartib-taomillar sohasidagi qonunchilikni tadbiq etishning ayrim masalalari: xalqaro tajriba va tahlil” mavzusidagi o‘zbek-yapon simpoziumida ishtirok etishdi.
Unda O‘zbekistonda tarixan qisqa vaqt ichida jamiyatni tubdan demokratlashtirish va sud-huquq tizimini liberallashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar olib borilayotgani hamda milliy qonunchilik va sud amaliyotini tizimli ravishda takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rilayotganini ta’kidlandi.
Yaponiyalik mutaxassislar O‘zbekistonning ijtimoy-siyosiy hayotining barcha jabhalarini, shuningdek, sud tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan o‘zgarishlarga yuqori baho berishdi. Ayniqsa, sud-huquq qonunchiligini rivojlanish tendensiyasini ta’kidlab, “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun hamda Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi Kodeksning qabul qilinishi munosabati bilan kelajakda hamkorlik munosabatlarini yanada jadal davom ettirishga, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Simpozium doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Nagoya Universiteti, Yaponiya adliya vazirligi huzuridagi ilmiy-tadqiqot markazi, Oliy sud hamda Oliy sud huzuridagi ilmiy-tadqiqot markazlarida bo‘lishib, sudyalarni tanlash va tayinlash, faoliyatini baholash, sudyalarni tayyorlash va qayta tayyorlash masalalarida tajriba almashdilar.