O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Ilm daraxti” filmini suratga olish ishlari boshlandi
2018-03-28 | Madaniyat
Har qanday ulug‘ maqsadga yetishish ortida katta mehnat, tinimsiz izlanishlar hamda iste’dod sarchashmalari yotadi. Biroz avval O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi UNESCO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya boshchiligida “Koreya o‘quv dasturlar telekompaniyasi” (EBS) mutaxassislari yurtimizning ko‘hna shaharlari bo‘lmish Samarqand va Buxoroda Islom madaniyatining rivojlanishiga oid “Ilm daraxti” nomli hujjatli film yaratishi borasida xabar berilgan edi. Endilikda mazkur loyihaning suratga olish ishlari boshlab yuborildi.
Koreya mutaxassislari hamkorligi bilan birgalikda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti jamoasi, postanovkachi rejissyor va operator Iqbol Meliqo‘ziyev boshchiligida filmning ilk suratga olish ishlari qadimiy Xitoy darvozasi, ko‘hna Buxoroning madaniyat maskanlari, muqaddas tarixiy qadamjolar, qadimiy Afrosiyob tepaligi hamda afsonaviy Registon maydonida amalga oshirildi. Katta ishchi guruh zamonaviy kinotexnika jihozlari, jahon standartlariga mos yuqori sifatli moslamalardan foydalangan holda original film kadrlarini ishlashga chuqur mas’uliyat bilan yondashmoqdalar. Shuningdek, Samarqand qog‘ozining yaratilish jarayoni, xomshyo yig‘indisi, ishchilar mehnati ham yorqin kadrlarda aks ettirildi.
Bir so‘z bilan aytganda “Ilm daraxti” qisqa metrajli filmi orqali mustaqil O‘zbekistonimizning ilm o‘chog‘i bo‘lganligi, betakror zaminning tarixiy boyliklari, qimmatli madaniy merosi haqidagi qiziqarli ma’lumotlar keltiriladi. Hududlarning betakror tabiati, muhiti, aholining turmush tarzi ham ko‘rsatiladi.