Italiya terrorni qoralaydi va tinchlik yo‘lidagi hamkorlik tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi
“Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiyada so‘zlagan Italiyaning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili Alberto Piyeri terrorizmni keskin qoralashini bildirdi.
Terrorizm insoniyatga xafv solayotgan kuch bo‘lib, Afg‘oniston ham uzoq yillardan beri bundan aziyat chekib keladi. Terror zamiridagi dahshatli o‘yinlardan afg‘on xalqi ko‘p jabr ko‘rdi.
Bu xavfga qarshi kurashish, tinchlikka erishish uchun jamoa bo‘lib harakat qilish, shu maqsadga qaratilgan hamkorlik muloqotlari kengayayotgani amaliy natijaga erishishning muhim yo‘lidir. Boshqa sohalarda ham o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish zarur. Italiya Afg‘onistondagi vaziyatni yaxshilash uchun zarur yordam ko‘rsatadi. Hududni obodonlashtirish, muhim obyektlarni bunyod etish bu mamlakat iqtisodi rivojiga turtki beradi.
Jahon hamjamiyati bu jarayonda chetda turmasligi talab etiladi. Ayniqsa, afg‘on xalqi ushbu maqsad yo‘lidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashi tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishiga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA