O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi: yaratilgan sharoit va imkoniyatlar
2018-03-25 | Siyosat
26-27-mart kunlari bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent konferensiyasi matbuot markazida parlament a’zolari, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlikning turli qirralariga bag‘ishlangan seminar-treninglar, sho‘ba yig‘ilishlari tashkil etilmoqda.
Bugun mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan anjumanda qatnashgan Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi direktori Oybek Ro‘ziyev O‘zA muxbiriga ushbu markaz faoliyati haqida quyidagilarni gapirib berdi:
– Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘anining 2017-yil dekabr oyida mamlakatimizga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazini tashkil etish bo‘yicha bitim imzolangan edi. Ushbu bitimga muvofiq, qisqa vaqtda markazimiz faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda markazda o‘zbek tili va adabiyoti bakalavr yo‘nalishi bo‘yicha 96 afg‘onistonlik talaba o‘qitilmoqda.
Ta’lim muassasasida mashg‘ulotlarni olib borish uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Termiz davlat universitetidan tilshunos va adabiyotshunos, folklorshunos o‘qituvchilar jalb etilgan.
Talabalarga qulaylik yaratish maqsadida markazda 2017-2018 o‘quv yilining 1-semestri darslari o‘zbek va dariy tillarida tashkil etildi.
Ayni paytda Afg‘oniston tomoni ehtiyojidan kelib chiqib, markaz uchun 17 oliy ta’lim yo‘nalishi va 16 o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yo‘nalishi o‘quv rejalari modullashtirilgan shaklda ishlab chiqildi.
Muassasamiz axborot-resurs markazi siyosiy, ijtimoiy-gumanitar, texnika yo‘nalishidagi fanlar bo‘yicha darslik va qo‘llanmalar, badiiy adabiyotlar, O‘zbekistonda ishlangan 50 dan ortiq badiiy va hujjatli film, audioto‘plamlar bilan ta’minlangan.
Markazning rasmiy veb-sayti ishlab turibdi. Unda afg‘onistonlik yoshlar ta’limda erishayotgan yutuqlar, markaz yangiliklari haqida ma’lumotlar joylashtirib borilmoqda.
Markaz videoterminal qurilmasi yordamida oliy ta’lim muassasalari korporativ tarmog‘i va “Elektron ta’lim tarmog‘i”ga ulanish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, elektron kutubxona tizimi tashkil qilinib, 5 mingdan ortiq kitoblar kiritildi.
Markazda 700 o‘rinli o‘quv binosi, o‘g‘il bolalar va qizlar uchun talabalar turar joylari, 100 o‘rinli oshxona, sport zal, sport maydonlari mavjud. Shuningdek, kimyo, fizika, temir yo‘l va transport tizimini o‘rganish bo‘yicha laboratoriya xonalari, ma’ruzalar zali, lingafon xonasi, sartaroshxona, savdo do‘koni bor.
Yaqin vaqt oralig‘ida afg‘onistonlik yoshlarga temir yo‘llari sohasida ta’lim berish imkoniyatlari ham yaratilishi ko‘zda tutilgan. bularning bari afg‘on yigit-qizlarining sifatli bilim olishi va ilm darajasini oshirishga xizmat qilayapti.