O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasi tinchlikka erishish borasidagi tashabbuslarning yangi yo‘nalishini boshlab beradi

2018-03-24 | Siyosat

Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi matbuot markazida tashkil etilgan sessiya yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev so‘zga chiqdi. U mamlakatimizning Afg‘onistonda ishlab chiqarish, farmatsevtika sanoati, qurilish, energetika, transport-logistika sohalaridagi loyihalarni ro‘yobga chiqarishdagi tashabbuslari haqida fikr bildirdi: 

– 2017-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo aylanmasi 617 million AQSh dollaridan oshdi. Ammo bu raqamlar ikki tomonning to‘liq imkoniyatlarini ko‘rsatmaydi. Shu kunga qadar Afg‘oniston bilan savdoda elektr energiyasi yetkazib berish va qora metallurgiya sanoati yetakchilik qilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘anining 4 dekabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelishi hamkorlik yo‘nalishida yangi sahifa ochdi. 

Bugun Afg‘onistonda 36 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi va ushbu mamlakatning yillik import hajmi 6,5 milliard dollarga tengdir. O‘zbekistonning ushbu raqamlardagi ulushi 3 milliardni tashkil etishi mumkin bo‘lgan bir vaqtda, mamlakatimiz savdo aylanmasining afg‘on diyori importidagi hissasi 10 foizdan kamroqni tashkil qilmoqda. Shu bois bu boradagi hamkorlikni tanqidiy tahlil qilish va Afg‘oniston bilan savdo-sheriklikdagi loyihalarni diversifikatsiya qilish zarurati tug‘ildi. 

Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘anining mamlakatimizga tashrifi doirasida bu ijobiy intilishlar o‘zining amaliy natijalarini berdi. Ya’ni tashrif yakunlari bo‘yicha mamlakatlarimiz o‘rtasida 500 million AQSh dollaridan ortiq shartnomalar tuzishga erishildi. 

E’tiborli jihati shundaki, mamlakatimizning Afg‘oniston bilan hamkorligi mahsulotlarimizni afg‘on bozoriga yetkazib berishdan iborat bo‘lib qolayotgani yo‘q. Ikki tomon uchun birdek manfaatli loyihalarni ishlab chiqish yo‘lida salmoqli kelishuvlar amal qilmoqda. Afg‘oniston temir yo‘l tarmog‘ini rivojlantirish, yo‘nalishlarni kengaytirish borasidagi tashabbuslar shular jumlasidan. Kelishuvlar asosida o‘zbekistonlik mutaxassislar tomonidan Hayraton – Mozori Sharif temir yo‘li qurib, foydalanishga topshirilgandi. Hozirgi kunga kelib Mozori Sharif – Hirot yo‘nalishi bo‘yicha temir yo‘l tarmog‘i qurishni ko‘zda tutadigan loyiha ustida ish olib borilmoqda. Mazkur tarmoqning uzunligi 650 kilometr, umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiqni tashkil qiladi. Bu savdo aylanmasini sezilarli ko‘paytirish va Afg‘onistonning tranzit xizmatlari eksportini yanada oshirishga xizmat qiladi. 

O‘zbekistonning farmatsevtika sanoati tobora rivojlanib bormoqda va bugun Afg‘oniston tomonidan ushbu sohada ham hamkorlikni kengaytirishga katta qiziqish bildirilmoqda. Birgina misol. Shu kungacha Afg‘onistonga dori-darmon, tibbiy vositalar yetkazib berish bo‘yicha 500 ming dollarlik shartnomalar tuzilgan bo‘lsa, endilikda qo‘shni mamlakat 25 million dollarlik dori-darmon mahsulotlarini xarid qilishga tayyor ekanini bildirmoqda. 

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mashinalari va maxsus texnikalarini xarid qilish, ularga servis xizmatlari ko‘rsatishni Afg‘onistonda yo‘lga qo‘yish taklif qilinmoqda. Bu imkoniyatlarni yanada kengaytirishda “O‘zsanoateksport” va “Uztreyd” tomonidan Kobul va Mozori Sharif shaharlarida ochilgan savdo uylari muhim o‘rin tutayotganini alohida qayd etish o‘rinli. 

Shunga qaramasdan iqtisodiy hamkorlik yo‘nalishida ishga solinmagan ulkan imkoniyatlar mavjud. Ulardan to‘laqonli va samarali foydalanish masalasi Afg‘onistonda qaror topajak tinchlikka bevosita bog‘liqdir. Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent konferensiyasi bu boradagi tashabbuslarning yangi yo‘nalishini boshlab berishiga ishonamiz. 

 

O‘zA muxbiri Ulug‘bek Shonazarov yozib oldi.

Поделиться