O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonning ezgu ishlari o‘zbek va afg‘on xalqining yaqinlashuviga keng yo‘l ochmoqda
2018-03-24 | Siyosat
Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi matbuot markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda Bobur nomidagi xalqaro fond raisi Zokirjon Mashrabov qo‘shni mamlakatda tinchlik o‘rnatishning xalqlarimiz madaniy yaqinligini ta’minlashdagi ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
– Mamlakatimiz buyuk ajdodlarimiz yurgan yo‘llar bo‘ylab tashkil etgan ilmiy ekspeditsiyalar samarasida so‘nggi yigirma yil davomida Afg‘oniston zaminida yigirma marotaba bo‘ldim. Mustaqillikning dastlabki yillarida Zahiriddin Muhammad Bubur nomidagi xalqaro fond tashkil etilgan edi. O‘tgan davr mobaynida fond ekspeditsiyasi O‘zbekiston zaminida tug‘ilib, taqdir taqozosiga ko‘ra boshqa yurtlarda umrguzaronlik qilgan ko‘plab buyuk ajdodlarimizning qabr-maqbaralarini izlab topish, ularning faoliyatini o‘rganish bo‘yicha keng ko‘lamli izlanishlar olib bordi. Afg‘oniston va Hindistondan to Afrika qit’asigacha bo‘lgan hududlarda tadqiqotlar olib bordik. Bu haqda 27 film, 6 kitob yozib, xalqimizga taqdim qildik.
Afg‘oniston tuprog‘ida Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Zahiriddin Bobur, Kamoliddin Behzod kabi ko‘plab allomalar xoki mangu qo‘nim topgan. Ularning maqbaralari haroba ahvolga kelib qolgan edi. Mamlakatimiz rahbariyatining e’tibori va ko‘magi tufayli ushbu ajdodlarimiz maqbaralarini tiklab, ziyoratgohga aylantirishga muyassar bo‘ldik. Ushbu qadamjolarga yurtimiz usta-hunarmadlari yasagan sag‘analar o‘rnatildi, binolari qimmatbaho toshlar va naqshlar bilan ziynatlandi. O‘zbekistondan 2 ming tupdan ziyod ko‘chat olib borilib, Alisher Navoiy bobomiz ziyoratgohi atrofida bog‘ barpo qilindi.
O‘zbekistonning buyuk ajdodlarimiz xotirasi tiklash va abadiylashtirish, ularning hayoti va ijodini o‘rganish borasida amalga oshirayotgan bunday xayrli ishlari butun olamga ibrat bo‘layapti. O‘z navbatida, Afg‘oniston hukumati va xalqi ajdodlar xotirasiga ko‘rsatayotgan yuksak ehtiromi uchun mamlakatimizga minnatdorlik izhor qilib kelmoqda.
2016 yili bo‘lgan xalqaro konferensiyada Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani O‘zbekistonning olib borayotgan savob va ezgu ishlari uchun meni Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot bilan taqdirlagan edi. Bularning bari xalqlarimiz yaqinligiga yanada keng yo‘l ochishiga ishonchim komil.
O‘zA muxbiri Matnazar Elmurodov yozib oldi.