O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Fransiya kompaniyasining O‘zbekistondagi loyihalari

2018-03-23 | Jamiyat

Shahar va kommunal xo‘jalik sohalarini rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan dasturlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Fransiyaning «Veolia» kompaniyalar guruhi bilan hamkorlikni kengaytirish choralari ko‘rilmoqda. 

Ma’lumot uchun: «Veolia» kommunal soha va shahar xo‘jaligida 160 yildan ortiq tajribaga ega resurslarni boshqarishni maqbullashtirish bo‘yicha jahonning yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniyaning yillik aylanmasi 23 milliard yevrodan ziyod, 163 ming nafar xodimga ega. Kompaniya suv resurslari, chiqindi va energiya iste’molini boshqarish sohasida kompleks yechimlarni ishlab chiqadi va taqdim etadi. 

2017-2018 yillar davomida kompaniya vakillari bir necha bor O‘zbekiston Respublikasida bo‘lib, Toshkent, Namangan, Samarqand va Buxoro shaharlaridagi issiqlik, suv ta’minoti va oqova suvlarni tozalash korxonalarining faoliyatini o‘rgandi. 

Kommunal xizmat sohasi korxonalari faoliyatining joriy holatini batafsil tahlil qilish maqsadida joriy yilning 5-10-mart kunlari «Veolia» kompaniyalar guruhi Markaziy va Sharqiy Yevropa bo‘yicha vitse-prezidenti M.Genduri xonim boshchiligidagi delegatsiya Toshkent va Namangan shaharlarida bo‘ldi. 

O‘rganishlar yakunida kompaniya tomonidan Namangan shahrida issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish va rivojlantirish loyihasi taklif etildi. Unda kompaniya Namangan shahridagi issiqlik ta’minoti uskunalari va tarmoqlarini foydalanishga qabul qilishi, xalqaro texnik va ekologik standartlar darajasida modernizatsiya qilishi; yuqori texnologik uskunalarni yetkazish hamda ular bilan ishlaydigan xorijiy mutaxassislar va maslahatchilarni yo‘llashi; Namangan shahri issiqlik ta’minoti tizimida iste’molchilarni, ishlab chiqarilgan va sotilgan energiya resurslarni hisobga olish bo‘yicha zamonaviy axborot tizimlarini joriy etish ko‘zda tutilgan. 

Shu bilan bir qatorda, kompaniya Toshkent shahri suv ta’minoti va oqova suv tizimi va tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihada ishtirok etishga qiziqish bildirdi. 

O‘tkazilgan muzokaralar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va «Veolia» kompaniyasi o‘rtasida Namangan va Toshkent shaharlarida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida tegishli memorandumlar imzolandi. 

Ushbu hujjatlar kompaniya uzoq muddat (25-30 yil) davomida issiqlik va suv ta’minoti (kanalizatsiya) tizimlarini modernizatsiya qilish sharti bilan ularni boshqarishi va ulardan foydalanishi, keyinchalik O‘zbekiston Respublikasiga qaytarib berishini ko‘zda tutadi. 

Memorandumlar shartlariga ko‘ra, «Veolia» kompaniyasi to‘rt oy davomida o‘z mablag‘lari hisobidan yuqorida tilga olingan loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqadi. Hisob-kitoblar tasdiqlanishi bilan tomonlar loyihalarni boshlashni mo‘ljallagan. 

Loyihalarni amalga oshirishdan kutilayotgan natija

«Veolia» kompaniyasi tomonidan Toshkent shahri suv ta’minoti (kanalizatsiya) tizimiga va Namangan shahri issiqlik ta’minoti tizimiga innovatsion texnologiyalarning joriy etilishi natijasida issiqlik energiyasini iste’molchilarga sotishda vujudga kelayotgan suv va issiqlik energiyasi yo‘qotishlari kamayadi, havoga chiqazilayotgan zararli moddalar miqdorining keskin qisqartirish hisobidan ekologik muhit yaxshilanadi; suv (kanalizatsiya xizmatlari) va issiqlik bilan ta’minlashning sifat ko‘rsatkichlari tubdan yaxshilanadi, shu jumladan, eng ko‘p iste’mol qilish davrida suv va issiqlik energiyasi ta’minotining barqarorligi, avariyalarga qarshi tezkor chora ko‘rish va ularni bartaraf etish ta’minlanadi. 

Mutaxassislarning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, Namangan shahrida issiqlik ta’minoti bo‘yicha loyiha amalga oshirilishi natijasida yiliga 24,5 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi, uni eksport qilishdan valyuta tushumi esa yiliga 3,1 million dollarni tashkil etish mumkin. 

Toshkent shahrida suv ta’minoti (kanalizatsiya) bo‘yicha loyihani amalga oshirish natijasida 20-30 foiz (yiliga 6,3 milliard so‘mlik) elektr energiyasi iqtisod qilinadi. 

Ushbu transmilliy kompaniyaning mamlakatimiz uy-joy kommunal xo‘jaligini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarda ishtiroki kommunal sohadagi institutsional o‘zgarishlarni boshlab beradi. 

Pirovardida, loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning ustuvor maqsadiga-aholi turmush sifatini oshirishga xizmat qiladi. 

Поделиться