O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Samarqand iqtisodiy va madaniy salohiyati bilan mamlakatimiz hayotida alohida o‘rin tutadi

2018-03-17 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, olib borilayotgan islohotlar jarayoni, yirik loyihalar bilan tanishish va xalq bilan muloqot qilish maqsadida 17-18-mart kunlari Samarqand viloyatida bo‘ldi.

Samarqand viloyati mamlakatimizning iqtisodiy salohiyati yuqori, boy tarix va madaniyatga ega hududlaridan biri hisoblanadi. Bu zaminda ulug‘ allomalarimiz, buyuk sarkardalarimiz, jonajon Vatanimizni jahonga tanitgan aziz ajdodlarimiz xoki mangu qo‘nim topgan. Ushbu muqaddas maskanlarni ziyorat qilish uchun nafaqat yurtdoshlarimiz, balki dunyoning turli burchaklaridan sayyohlar keladi. Ular uchun munosib shart-sharoit yaratish, muborak qadamjolarni obod etish davlatimizning doimiy e’tiborida va bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Buni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Hazrati Xizr majmuasida – mamlakatimiz mustaqilligi asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov mangu orom topgan maskanda olib borilgan ulkan bunyodkorlik ishlari misolida ham ko‘rish mumkin. 

Davlatimiz rahbari har safar Samarqandga tashrifini ushbu majmua ziyoratidan boshlaydi.

Shavkat Mirziyoyev bu gal ham Birinchi Prezidentimiz qabriga gul qo‘yib, hurmat bajo keltirdi. O‘tganlar haqiga Qur’on tilovat qilindi. 

Shu kunlarda ushbu majmua mahalliy va xorijiy sayyohlar bilan har qachongidan ham gavjum. Davlatimiz rahbari ziyoratchilarga qulay sharoit yaratish, majmua atrofini yanada obodonlashtirish bo‘yicha tavsiyalarini bildirdi. 

Ulug‘ mutafakkir, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy majmuasi ziyorati chog‘ida Prezidentimiz ushbu maskanni zamon talablariga mos rekonstruksiya qilish hamda uning atrofida sayyohlar uchun barcha xizmat turlarini qamrab oluvchi mehmonxona va infratuzilma obyektlari qurish loyihalari bilan tanishib, ularni sifatli amalga oshirish uchun mutasaddilarga topshiriqlar berdi. 

-Buyuk allomalarimizning islom madaniyatini ravnaq toptirishga qo‘shgan betakror hissasi to‘g‘risida so‘z ketganda, eng avvalo, haqli ravishda musulmon olamida “muhaddislar sultoni” deya ulkan shuhrat qozongan Imom Buxoriy bobomizning muborak nomi tilga olinadi, -dedi Prezident.

Ma’lumki, ziyoratgohga tutash hududda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bunyod etilmoqda. 

- Bu majmua nafaqat mamlakatimiz xalqi, balki butun islom dunyosi uchun qadrli hisoblanadi, -dedi Prezident. 

Markazning ma’naviy-ma’rifiy ishini tashkil qilish, uning ilmiy-nazariy konsepsiyasini yaratish va ana shu asosda o‘quv dasturlari va qo‘llanmalar ishlab chiqish, Imom Buxoriy asarlari tadqiqotiga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. 

Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifi doirasida Oqdaryo tumanida “Daromad baxt omad” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan gidroponika usulida tashkil etilgan issiqxona faoliyati bilan tanishdi. Shu yerda Samarqand viloyatida parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik va boshqa tarmoqlarni rivojlantirish, meva-sabzavot yetishtirish va eksport qilishni ko‘paytirish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.

Tumandagi “Mushtariy Oqdaryo” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli tikuvchilik fabrikasidagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishuv va ishchilar bilan muloqotlarda Shavkat Mirziyoyev bunday zamonaviy korxonalar iqtisodiyotni barqarorlashtirish, aholini ish bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Bu kabi fabrikalarni har bir tumanda kamida ikkitadan tashkil etish, trikotaj klasterlari yaratish zarurligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari Ishtixon tumani “Xumo” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Xina qishlog‘ida “Ishtixon tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi. “Obod qishloq” dasturi asosida ushbu hudud hamda Nurobod tumanining Jom qishlog‘ida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.

Pastdarg‘om tumani hokimligida viloyat jamoatchiligi bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyatda amalga oshirilishi belgilangan loyihalarni hayotga tatbiq etish, qurilish-bunyodkorlik ishlari ko‘lamini kengaytirish, tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, aholi turmush darajasini yanada oshirish, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlash, tomorqa i 
mkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalari atroflicha muhokama etildi. 

Tuman va shaharlardagi tadbirkorlar, ziyolilar, nuroniylar va yoshlar vakillari bilan muloqot qilinib, ularni o‘ylantirayotgan muammolarga yechim topildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni Samarqand shahrida Markaziy harbiy okrug shtabi va Milliy gvardiya faoliyati bilan tanishdi.

Bu yerda davlatimiz rahbariga Samarqand harbiy-ma’muriy sektorida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. 

Askar va ofitserlar bilan muloqot chog‘ida mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z bordi. Bu borada tegishli dasturlar asosida olib borilayotgan tizimli o‘zgarishlar qo‘shinlarni zamonaviy qurol-aslaha, harbiy texnika va aloqa vositalari bilan ta’minlash, yuqori malakali ofitser kadrlar tayyorlash hamda milliy armiyamiz salohiyatini oshirish, mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi. 

Uchrashuvda harbiylarning yashash sharoitini yaxshilash, ularni uy-joy bilan ta’minlash zarurligi qayd etildi.

 

Ziyodulla Jonibekov, G‘olib Hasanov, O‘zA

Поделиться