O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Siyosiy partiyalarning hisobotlari eshitildi va qonun loyihalari ko‘rib chiqildi

2018-03-16 | Jamiyat

2018-yil 15-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda deputatlar siyosiy partiyalarning 2017-yildagi faoliyatini moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitdilar. 

Ta’kidlab o‘tilganidek, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-iyulda Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar va O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida belgilangan ustuvor vazifalar asosida barcha siyosiy partiyalar o‘z faoliyatini tubdan ko‘rib chiqdi va bu faoliyatni yangicha amalga oshirmoqda. Chunonchi, eng muhim davlat masalalarini hal etishda siyosiy partiyalarning roli sezilarli darajada kuchaytirildi, joylarda muammolarni o‘rganish borasidagi ishlar faollashtirildi, partiya elektoratini tashvishlantirayotgan dolzarb muammolarni amaliy hal etish yo‘llarini izlashga doir ishlar tubdan qayta ko‘rib chiqildi, bajarilayotgan ishlar tanqidiy jihatdan tahlil qilindi hamda mamlakatni ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy rivojlantirishning hayotiy muhim masalalarini belgilab beruvchi muqobil qonun loyihalarini siyosiy partiyalar fraksiyalarining a’zolari tomonidan kiritishning protsessual mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish borasidagi faoliyat kuchaytirildi. Umumqabul qilingan demokratik andozalar va xalqaro normalarga mos bo‘lgan ishonchli huquqiy baza qayta ko‘rib chiqildi va to‘ldirildi, nazorat qilinadigan vazirliklar va idoralar aniq belgilandi, endi siyosiy partiyalar tegishli vazirliklar va idoralar faoliyati ustidan samarali parlament hamda deputatlik nazoratini o‘z fraksiyalari va hokimiyatning vakillik organlaridagi o‘z guruhlari orqali amalga oshiradilar. 

“Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi Qonunga binoan siyosiy partiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi deputatlik o‘rinlari soniga qarab o‘z ustav faoliyatini moliyalashtirish uchun davlat tomonidan moliyalashtirish mablag‘larini olish huquqiga ega. 

Majlisda ta’kidlanganidek, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida siyosiy partiyalarning roli kuchaytirilishi munosabati bilan ular faoliyatida moliyaviy intizom muhimdir. Hozirgi sharoitda siyosiy partiyalar tasarrufiga Davlat byudjetidan kelib tushadigan mablag‘larni samarali rejalashtirish va sarflash juda muhim ahamiyatga ega. 

Ta’kidlandiki, siyosiy partiyalarning tashkiliy-kadrlarga oid, moddiy-moliyaviy hamda boshqa resurslari ularning dasturiy maqsadlari va vazifalarini amalda ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi, buning uchun ushbu mablag‘larni sarflash va ularga doir hisobotlar shaffof hamda ochiq bo‘lishi lozim. 

Fraksiyalar a’zolari ta’kidlab o‘tishganidek, bugungi kunda O‘zbekistonning barcha siyosiy partiyalarida nazorat-taftish komissiyalari ishlab turibdi, ular faoliyatining tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlari, shu jumladan, ularning funksiyalari, vazifalari hamda huquq va majburiyatlari aniq belgilangan. 

Deputatlar eshituv davomida bildirilgan fikrlarni inobatga olgan holda siyosiy partiyalarning 2017-yildagi faoliyatini moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi hisobotlarini ma’lumot uchun qabul qildilar. 

Shundan so‘ng deputatlar “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qish doirasida muhokama qilishga kirishdilar. Qonun loyihasining maqsadi tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish mexanizmini takomillashtirish, barcha yo‘lovchilar manfaatlarini himoya qilish, davlat organlari tomonidan ushbu qonunning ijro etilishi ustidan nazoratni takomillashtirish, shuningdek, mazkur sohadagi ishlar samaradorligini oshirishdan iborat. 

O‘tkazilgan nazorat-tahlil o‘rganishlari yakunlariga ko‘ra, 2018-yilning 1-yanvar holatida respublika bo‘yicha yo‘lovchilarni tashuvchi litsenziyalangan avtotransport vositalari 74025 tani tashkil etadi. Litsenziyalangan avtotransport vositalarining umumiy sonidan atigi 22010 tasi, ya’ni 30 foizi sug‘urtalangan. Ushbu ko‘rsatkich Qonun talablarining to‘liq ijro etilmayotganligini namoyish etmoqda hamda ko‘tarilayotgan muammoning dolzarbligini yana bir bor tasdiqlamoqda. 

Ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihasida faoliyati litsenziyalanishi lozim bo‘lgan, yo‘lovchilarni va ularning mol-mulkini tashish bo‘yicha tijoratga oid transport xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarga tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi shartnomalarni uch oydan bir yilgacha muddatga tuzish huquqi berilayotganligi, shuningdek, yo‘lovchilarni tashish chog‘ida transport vositasini boshqarayotgan har bir haydovchi yonida tegishli transport vositasi uchun rasmiylashtirilgan sug‘urta polisining mavjud bo‘lishi ta’minlanayotganligi nazarda tutilmoqda. 

Deputatlar navbatdagi hujjat – “Shanxay hamkorlik tashkilotining Ekstremizmga qarshi kurashish Konvensiyasini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qish doirasida ko‘rib chiqdilar. 

Mazkur xalqaro-huquqiy hujjatni qabul qilish zarurati ShHTga a’zo davlatlar uchun xavf tug‘dirayotgan dunyodagi ekstremistik ko‘rinishdagi hodisalar miqyosi va xususiyatining ortib borishi, ekstremizm mafkurasi, ayniqsa, terrorchilikning tarqalishi uchun ham qulay muhit bo‘lgan diniy ekstremizm mafkurasi ta’sirining oshib borishi bilan bog‘liq ekanligi majlis davomida ta’kidlab o‘tildi. 

Konvensiyaga suverenitetni himoya qilish haqidagi normalar kiritilgan, unda ekstremizmga qarshi kurashishga doir davlat ichki chora-tadbirlarining taxminiy ro‘yxati keltirilgan, uni qo‘llash sohasi mustahkamlangan, yurisdiksiya chegaralari belgilangan, qanday qilmishlar jinoyat deb e’tirof etilishi kerakligi aniqlangan, huquqiy yordam ko‘rsatish asoslari va tartibi ifodalangan. Konvensiyada, shuningdek, ShHTga a’zo davlatlardan birining huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlarining Tashkilotga a’zo boshqa davlat hududida o‘tkaziladigan tezkor-qidiruv tadbirlari va tergov harakatlarida ishtirok etishiga taalluqli masalalar ham o‘z aksini topgan. Ekstremizm tushunchasi buzg‘unchi hodisa sifatida ilk bor xalqaro darajada mustahkamlab qo‘yildi, uning mazmuni va ekstremistik faoliyatning kriminallashtirilishi lozim bo‘lgan asosiy shakllari belgilandi. 

Konvensiya ShHTga a’zo davlatlarning ogoh etuvchi-profilaktika faoliyati, ekstremizmga qarshi birgalikda kurashish, huquqiy yordam ko‘rsatish sohasidagi hamkorlik mexanizmlarini shakllantiradi va Tomonlar qonunchiligini birxillashtirishga imkon beradi. 

Majlisda parlament Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

Поделиться