O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvidagi nutqi
2018-03-16 | Siyosat
Muhtaram Nursulton Abishevich!
Hurmatli delegatsiyalar a’zolari!
Xonimlar va janoblar!
Avvalo, Qozog‘iston Respublikasi Prezidentiga va qozog‘istonlik barcha do‘stlarimizga an’anaviy mehmondo‘stlik va uchrashuvimiz yuksak darajada tashkil etilgani uchun samimiy minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi aynan Ostona shahrida o‘tkazilayotgani bejiz emas.
Muhtaram oqsoqolimiz Nursulton Abishevich mintaqaviy sheriklikni mustahkamlash, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida integratsiyalashuvni chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni izchil rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.
G‘oyat qisqa muddatda tashkil etilgan ushbu sammit, hech mubolag‘asiz, tarixiy voqeadir, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlaysiz.
Bugun Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnilik, bir-birini qo‘llab-quvvatlash va hamkorlik solnomasida yangi sahifa ochildi.
Biz mintaqa davlatlari rahbarlarining uchrashuvlarini muntazam o‘tkazish haqidagi tashabbusni ilgari surar ekanmiz, hozirgi kunda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun butunlay yangi imkoniyatlar vujudga kelayotganiga asoslangan edik.
Ayniqsa, keyingi bir yarim yilda bo‘lib o‘tgan va qator dolzarb muammolarning amaliy yechimini topish, yangi shartnoma va kelishuvlarni imzolash imkonini bergan o‘zaro tashriflarimiz, muntazam uchrashuv va muzokaralarimiz prinsipial jihatdan yangi formatdagi hamkorlik uchun mustahkam asos bo‘ldi.
Erishilgan natijalarning ahamiyati barchamizga ma’lum.
O‘zbekistonning Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan tovar ayirboshlash hajmi, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, qariyb 3 milliard dollarni tashkil etdi, ya’ni 20 foizga ortdi.
Bu borada o‘zaro tovar yetkazib berish 2 barobar ko‘paydi.
Yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazishni mo‘ljallamoqdamiz.
Biz mamlakatlarimizni bog‘lab turgan eng muhim transport yo‘llarini qayta tikladik va modernizatsiya qildik, yangi yer usti va havo yo‘llarini ochdik. O‘zaro joriy qilingan chegirmalar natijasida yuk tashish, avvalo tranzit hajmi ortib bormoqda.
Chegaralarimizdagi o‘tkazish punktlari o‘z faoliyatini qayta yo‘lga qo‘ydi, biz ularning o‘tkazuvchanlik imkoniyatini kengaytirmoqdamiz. Chegara idoralari va bojxona organlarining samarali hamkorligi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bir nechta misol keltirmoqchiman. Masalan, o‘z faoliyatini qayta tiklagan o‘tkazish punktlari orqali ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni faollashtirish doirasida o‘z qarindoshlari bilan uchrashish va sayyohlik obyektlarini ko‘rish maqsadida davlatlarimiz chegaralaridan har kuni o‘n minglab fuqarolarimiz o‘tmoqda.
Bundan tashqari, chegaralar va yo‘llar ochilishi tufayli ichki bozorlarimizdagi tovarlarning alohida turlari 20 foizga arzonlashgani kuzatilmoqda.
Hech shubhasiz, bunday imkoniyatlardan avvalo fuqarolarimiz foyda ko‘rmoqda. Bu – hamkorlikdagi ishlarimizning amaliy samarasidir.
Bularning barchasi mintaqamizda mamlakatlarimiz xalqlari manfaatlariga xizmat qiladigan ulkan salohiyat mavjud ekanidan dalolat beradi.
Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiyotning turli tarmoqlari bo‘yicha hamkorligi kengayishi mintaqa yalpi ichki mahsulotini yaqin 10 yilda kamida ikki barobar oshirish imkonini beradi.
Hamkorlikdagi barcha sa’y-harakatlarimiz, loyiha va dasturlarimiz, hech shubhasiz, o‘zaro ishonch va hurmat muhitini mustahkamlab, xalqlarimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan va ularning manfaatlariga to‘liq javob beradigan mintaqaviy hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda va mazmunan boyitmoqda.
Shu munosabat bilan uchrashuvimizni har yili bahor bayrami – Navro‘z arafasida navbati bilan davlatlarning birida o‘tkazib borishni taklif etamiz. Keyingi mana shunday uchrashuvni Toshkent shahrida o‘tkazishni taklif qilaman.
Quyidagi asosiy vazifalarni hal etish hamkorligimizning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilab olishni taklif etaman:
Birinchidan, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash sohasida samarali mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish uchun yangi zaxira va amaliy mexanizmlarni izlash;
ikkinchidan, savdo-iqtisodiy, innovatsiya, investitsiya, transport-kommunikatsiya, bank-moliya, suv-energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi sheriklik bo‘yicha aniq dasturlar – “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish;
uchinchidan, eng dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha keng fikr almashish, ular bo‘yicha umumiy pozitsiyani kelishib olish hamda uni keyin BMT, MDH, ShHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida ilgari surish.
O‘tgan yil noyabr oyida Samarqandda BMT shafeligida o‘tgan xalqaro konferensiya shuni ko‘rsatdiki, tizimli muloqot, barcha tomonlarning manfaatlarini inobatga olish va oqilona murosa asosida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Sizlarga yaxshi ma’lumki, ushbu konferensiya yakunida biz birgalikda BMT Bosh Assambleyasiga maxsus rezolutsiya qabul qilish bo‘yicha murojaat qildik.
Ana shu hujjatning qabul qilinishi Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash borasida birgalikdagi sa’y-harakatlarimizning xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga erishish imkonini beradi.
O‘zbekiston mintaqamiz davlatlari bilan ochiq, o‘zaro manfaatli va yaqin hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashga tayyor ekanini yana bir bor qayd etishni zarur, deb bilaman.
Bu – bizning tashqi siyosatimizning eng asosiy ustuvor yo‘nalishidir.
Muhtaram Nursulton Abishevich!
Hurmatli uchrashuv ishtirokchilari!
Mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha aniq mexanizmlar borasida O‘zbekistonning nuqtai nazari xususida so‘z yuritishga ijozat bergaysiz.
Birinchidan. Mintaqadagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish.
Quyidagilar ushbu vazifani amalga oshirishning eng muhim asoslaridir:
- mamlakatlarimiz o‘rtasidagi erkin savdo tartibining to‘laqonli faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
- chegara oldi hududlardagi savdoni, ishlab chiqarish kooperatsiyasini jadal rivojlantirish, shuningdek, mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish.
Bu tom ma’noda ulkan salohiyatga ega bo‘lgan yirik mintaqaviy bozorni shakllantirish imkonini beradi.
Qo‘shma dasturlar ishlab chiqish uchun joriy yilda Toshkentda birinchi Mintaqaviy iqtisodiy forum o‘tkazishni taklif etamiz.
Bu mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari va yetakchi xorijiy investorlar o‘rtasida aniq loyihalarni amalga oshirish uchun bevosita muloqot o‘rnatish imkonini yaratadi.
Ikkinchidan. Markaziy Osiyo mintaqasining tranzit-logistika salohiyatini tubdan oshirish – sa’y-harakatlarimizni birlashtirishni taqozo etadigan g‘oyat muhim strategik yo‘nalishdir.
Markaziy Osiyoni yirik dengiz portlari va jahon bozorlari bilan bog‘lash imkonini beradigan transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish biz uchun ustuvor yo‘nalish bo‘lishi lozim, degan fikrni qo‘llab-quvvatlaysiz, deb o‘ylayman.
Shu nuqtai nazardan quyidagilarni taklif etamiz:
- Xalqaro tansport va tranzit yo‘lagi to‘g‘risidagi Ashxobod bitimi doirasida birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan Markaziy Osiyo – Fors ko‘rfazi transmintaqaviy yo‘nalishidan samarali foydalanish;
- Janubiy Osiyoga chiqadigan Transafg‘on yo‘lagini shakllantirish, shuningdek, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston avtomobil va temir yo‘l magistrallarini qurishga kirishish;
- Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitida rossiyalik sheriklar tomonidan taklif etilgan ShHT yo‘llarini rivojlantirish dasturini kelishishni tezlashtirish va qabul qilish.
Shu bilan birga, bojxona va ma’muriy tartib-taomillarni yanada soddalashtirish va unifikatsiya qilish, yuklarni tashish va ularning tranziti bo‘yicha ikki tomonlama imtiyozli tariflarni shakllantirish bo‘yicha o‘zaro kelishilgan chora-tadbirlarni qabul qilish bugungi kundagi kechiktirib bo‘lmaydigan vazifadir.
Ana shu umummintaqaviy vazifalarni amalga oshirish maqsadida biz joriy yilning oktabr oyida Toshkentda “Markaziy Osiyo xalqaro transport koridorlari tizimida: strategik istiqbollar va amalga oshirilmagan imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazishni rejalashtirganmiz.
Ushbu anjumanda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlaridan vakillar faol ishtirok etishiga ishonamiz.
Uchinchidan. Markaziy Osiyo xalqlarining farovonligi va butun mintaqaning iqtisodiy taraqqiyoti azal-azaldan suv resurslari bilan qanchalik ta’minlangani bilan bog‘liq bo‘lgan. Faqat birgalikda harakat qilib, ushbu muhim masalaning haqiqiy yechimini topishimiz mumkin.
Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha mamlakatlarimiz va jahon hamjamiyatining birgalikdagi sa’y-harakatlari samaradorligini yanada oshirish dolzarb vazifadir.
To‘rtinchidan. Samarali mintaqaviy hamkorlikning asosiy shartlaridan biri – madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirishdan iborat.
Mintaqada do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro anglashuv va barqarorlik muhitini mustahkamlashda bu sohaning o‘rni va roli beqiyosdir.
Quyidagi sohalarda hamkorlik qilish doimo e’tiborimiz markazida bo‘lishi lozim:
- ta’lim va ilm-fan sohasida, jumladan, oliy ta’lim muassasalarimiz o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va rivojlantirish;
- mintaqada ichki turizmni rivojlantirish va hamkorlikda ishlab chiqariladigan sayyohlik mahsulotlarini tashqi bozorlarga olib chiqish;
- mamlakatlarimiz aholisining ko‘p qismini yoshlar tashkil etishini inobatga olib, yoshlar tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish. Mintaqamiz mamlakatlari delegatsiyalarini joriy yil iyun oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo yoshlari forumiga taklif etaman.
Bundan tashqari, mamlakatlarimizda madaniyat, san’at va kino kunlarini, sport tadbirlarini muntazam o‘tkazish muhim ahamiyatga egadir.
Hurmatli davlat rahbarlari!
Xavfsizlik sohasidagi hamkorligimizning qator muhim masalalariga alohida to‘xtalmoqchiman.
Birinchidan. Davlat chegaralarini huquqiy jihatdan rasmiylashtirish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro ishlarimizni izchil davom ettirishimiz zarur.
Ishonchim komil, biz o‘zaro manfaatlarni hisobga olish, oqilona murosalar asosida ushbu g‘oyat muhim muammoni tez muddatda to‘liq hal qilishga erishamiz.
Chegaralarimiz do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ko‘prigiga aylanishiga astoydil ishonaman.
Ikkinchidan. Bugungi kunda mintaqa mamlakatlari terrorizm, diniy ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va narkotrafik tahdidlariga duch kelmoqda.
Ushbu xatarlarga qarshi faqat sa’y-harakatlarni birlashtirish orqaligina samarali kurashish mumkin.
Shu munosabat bilan huquqni muhofaza qilish idoralari va maxsus xizmatlar yo‘nalishida amaliy hamkorlikni va o‘z vaqtida axborot almashishni davom ettirish juda muhim va dolzarb ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz.
Uchinchidan. Ekstremizm mafkurasiga qarshi kurashish, shu maqsadda aholi, avvalo yoshlarga islom dinining haqiqiy insonparvarlik mohiyatini yetkazish eng muhim vazifadir.
Shu munosabat bilan O‘zbekistonda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi va Islom akademiyasini tashkil etdik.
To‘rtinchidan. Markaziy Osiyoning barqaror va izchil taraqqiyotini ta’minlash qo‘shni Afg‘onistonda tinchlikka erishish bilan uzviy bog‘liq.
Bu muammoni hal etishda tinch muzokaralar o‘tkazishdan boshqa muqobil yo‘l yo‘q ekanini e’tiborga olib, O‘zbekiston va Afg‘oniston joriy yilning 26-27 mart kunlari Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajadagi xalqaro konferensiya o‘tkazish to‘g‘risida tashabbus bilan chiqdi.
Biz ana shu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagani uchun Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlaridan minnatdormiz, bu umumiy manfaatlarimiz uchun juda muhim ahamiyatga ega.
Beshinchidan. Birinchi navbatda chegaraoldi hududlarda favqulodda holatlar, texnogen va ekologik falokatlar, tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning vujudga kelishiga qarshi o‘z vaqtida harakat qilish bo‘yicha hamkorlik mexanizmlarini yaratish zarur.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Uchrashuvimiz davomida ochiq fikr almashish, mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari bo‘yicha amaliy yechimlarni muhokama qilish va qabul qilish butun Markaziy Osiyoda xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni yanada mustahkamlashda muhim qadam bo‘lishiga ishonaman.
So‘zimni yakunlar ekanman, Siz, hurmatli hamkasblarim va do‘stlarimni, Sizlar orqali qardosh Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston xalqlarini yaqinlashib kelayotgan bahor va yangilanish bayrami – Navro‘zi olam bilan samimiy muborakbod etaman.
Barchangizga tinchlik, farovonlik va taraqqiyot tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat.