O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vazirligining maxsus loyihasi nega Sayxunobodda boshlandi?
2018-03-15 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida o‘tkazilgan “Huquqiy axborot kuni” loyihasi “Adliya sayli” bilan yakunlandi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda tumandagi bolalar va o‘smirlar sport maktabining sport zalida tashkil etilgan mehnat yarmarkasida viloyatdagi 52 korxona, tashkilot va muassasalar 220 bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.
– Mehnat yarmarkasida 94 nafar kishiga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi, – deydi viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i M.Muhammadiyev. – Shuningdek, tijorat banklaridan kredit mablag‘lari olib tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lganlarga mutaxassislar tomonidan maslahat va tavsiyalar berildi. Janubiy Koreya, Rossiya va Turkiya davlatlariga borib ishlash maqsadida bo‘lgan 152 nafar fuqaroga Adliya vazirligi tomonidan fuqarolarning qanday haq-huquq va imkoniyatlarga ega ekanliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamlamasi bayon etilgan qo‘llanma tarqatildi.
Shu yerning o‘zida kam ta’minlangan oila farzandlari Kamoliddin Abdullayev hamda Yulduz Mamarajapovlar tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi tomonidan nikohdan o‘tdi. Nuroniy otaxon va onaxonlar ularga oq fotiha berib, tuman hokimligi tomonidan tashkil etilgan to‘y dasturxoniga kuzatdi.
Adliya, prokuratura, sud, ichki ishlar organlari hamda viloyat va tuman mutasaddilari, korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlari tomonidan aholining murojaat va arizalari tinglandi.
Fuqarolar dehqonchilik qilish uchun ijaraga yer maydoni, uy qurish uchun yer uchastkasi ajratilishi, salomatligini tiklashi uchun jarrohlik amaliyotini o‘tkazishda amaliy yordam so‘rab, huquq-tartibot idoralari vakillari va sud qaroridan, sud qarori ijrosi ta’minlanmayotgani, tabiiy gaz, ichimlik suvi, elektr ta’minoti, kommunal, uy-joy xizmatlaridan noroziliklari yuzasidan murojaat qildi.
– Men Guliston mahallasida istiqomat qiluvchi aholi nomidan murojaat qilmoqchiman, – deydi Abdukarim Kenjayev. – Ko‘chamiz yog‘ingarchilik paytida loy, yozda chang bo‘lib ketadi. Bolalarimiz maktabga borib kelishga qiynalmoqda. Ko‘chamizni ta’mirlashlarini so‘rab, tuman yo‘l qurilish tashkilotiga murojaat qilgan edik. “Loyihaga kiritilmagan, qo‘shimcha limit yo‘q” deb javob berishdi. Shunga amaliy yordam berishingizni so‘raymiz.
– Haqiqatdan ham Guliston mahallasidagi Qatortol ko‘chasi 2018 yilgi loyihaga kiritilmagan, – deydi Sayxunobod tumani hokimi Botir Mirzaqulov. – Lekin biz, ichki imkoniyatlardan kelib chiqib, bu ko‘chani tuman mablag‘i hisobiga ta’mirlashni rejalashtirdik.
Shuningdek, tadbirda bir qator sayyor sud ishlari ham ko‘rib chiqildi. Hal etishning imkoni bo‘lgan barcha masalalar joyida bartaraf etildi. Respublika miqyosida hal etiladigan muammolar yuzasidan dalolatnomalar to‘ldirildi.
– “Huquqiy axborot kuni” loyihasi mamlakatimiz bo‘ylab davom etadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari A.Toshqulov. – Tadbirni birinchi bo‘lib Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidan boshlaganimizning sababi hududda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning to‘planib qolganidadir.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 12-14 mart kunlari “Fuqarolar davlat organlariga emas, davlat organlari fuqarolarga xizmat qilishi kerak!” shiori ostida tumanda o‘tkazilgan tadbirlarda 2 mingdan ziyod aholi ishtirok etdi.
A.Qayumov, O‘zA muxbir