O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonlik tadbirkorlar Afg‘onistondagi oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligining oldini olishga ko‘maklashmoqda
2018-03-15 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlik va yaqin qo‘shnichilik, azaliy do‘stlik aloqalari yildan-yilga mustahkamlanmoqda.
Buni mamlakatimizning janubdagi hududi – Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar misolida ham ko‘rish mumkin. Jumladan, 2017 yili Termiz tumanida afg‘onistonlik tadbirkorlarga sifatli xizmat ko‘rsatadigan “Termiz kargo” eksport markazi tashkil etilib, zarur qulaylik yaratildi. Konsullik vakili, bojxona terminali binosi, omborlar bunyod etildi. Mazkur markaz mamlakatimiz tovar ishlab chiqaruvchilari va ishbilarmonlari bilan afg‘onistonlik tadbirkorlar, sarmoyadorlar doirasining hamkorlik aloqalarini keng yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘ldi. 2018 yil yanvar oyida Termiz tumanida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi faoliyat boshladi.
Prezidentimizning bevosita g‘oyasi asosida barpo etilgan dunyoda muqobili yo‘q zamonaviy ta’lim muassasasi Afg‘oniston tomoni ehtiyojlari asosida iqtisodiy-ijtimoiy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalar uchun yetuk malakali oliy va o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hozir barcha sharoitlarga ega mazkur markazda yuzga yaqin afg‘on o‘g‘il-qizlari ta’lim olmoqda. Davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarining har tomonlama rivojlanib borayotganini Termiz shahriga kelayotgan afg‘onistonlik mehmonlar ham faxr-iftixor bilan e’tirof etmoqda.
– O‘zbek va afg‘on xalqi qadimdan bitta daryoning ikki qirg‘og‘ida yashagan yaqin qo‘shnilardir, – deydi Afg‘oniston Respublikasining Shibirg‘on shahridan kelgan Qodiriy Abdurazzoq. – Jiyanimning biroz tobi qochgan ekan, o‘ylab ham o‘tirmay, shundoq Amudaryodan o‘tib, shahringizdagi kasalxonaga olib kelaverdik. Tez kunda sog‘lig‘i tiklandi. Shifokorlar javob beramiz, deb turishibdi. Termiz shahrida ham zamonaviy tibbiyot yuksak darajada rivojlanganini ko‘rib, juda mamnun bo‘ldik. Yurtingizdagi tinchlik, obodlik va so‘nggi yillarda yuz berayotgan yangilanishlarga havas qilamiz. Bundan bir necha yil avval O‘zbekistonga o‘tish uchun chegarada ortiqcha rasmiyatchiliklarga duch kelganmiz. Bu safar ana shu muammolarga chek qo‘yilganidan ham quvondik. Biz, O‘zbekistonning afg‘on yurtidagi vaziyatni siyosiy yo‘l bilan hal etish, tinchlikni ta’minlash, barqarorlikni tiklash va iqtisodiyotni rivojlantirish tarafdori bo‘lib kelayotganini juda qadrlaymiz. Iqtisodiy, savdo, ta’lim, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarimiz mustahkamlanib borayotganidan faxrlanamiz.
Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida ham Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, afg‘on xalqining o‘z taqdirini mustaqil, tinch yo‘l bilan hal qilishiga erishish masalasini xalqaro miqyosda ko‘targani O‘zbekistonning yaqin qo‘shni davlatdagi vaziyatga befarq emasligiga yorqin misoldir.
Qo‘shni davlatda barqarorlikni tiklash, iqtisodiyotini yuksaltirish tarafdori bo‘lib kelayotgan mamlakatimiz Afg‘onistondagi tog‘-kon sanoati, qurilish, energetika, ta’lim sohalaridagi loyihalarni ro‘yobga chiqarishda qatnashayotir. O‘zbekiston yordami bilan yaqin birodarlarimiz uchun yuqori voltli elektr energiyasi va optik tolali kabel liniyalari, suv ta’minoti tarmog‘i, ko‘priklar, temir yo‘l bunyod etilgan. Neft mahsulotlari, elektr energiyasi, mineral o‘g‘itlar, polietilen qop, oziq-ovqat, qadoqlash xaltalari va boshqa xalq iste’moli mollari eksport qilinmoqda.
Surxondaryo viloyati hokimligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yildan boshlab “East West Surxon” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxona, “Surxondaryodonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati, “Surxon Eksport Savdo”, “Surxon Import Eksport Agro” agrofirmalari, “Surxon Golden Trade” mas’uliyati cheklangan jamiyati kabi bir qator xo‘jalik yurituvchi subyektlar Afg‘oniston Respublikasidagi oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligining oldini olishga ko‘maklashayotir. Ular qo‘shni davlatdagi buyurtmachilariga un, meva-uzum, sabzavot, mayiz, qatiq, dukkakli va boshqa tabiiy, arzon, sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib bermoqda. “Xomkon-Sherobod Taraqiyot” fermer xo‘jaligi, “Jarqo‘rg‘on parranda”, “Angor Surxon Gururi” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan sassiq kovrak, parranda tuxumi va yer yong‘oq kabi mahsulotlarni eksport qilish yo‘lga qo‘yilgani surxondaryolik tadbirkorlar bilan afg‘on ishbilarmonlarining o‘zaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotganidan dalolatdir.
– Biz, yon qo‘shnimiz afg‘on xalqining ham tinch, to‘kin turmush kechirishini istaymiz, – deydi Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Jarqo‘rg‘on parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Abduqahhor Qulmatov. – O‘tgan yili barpo etilgan zamonaviy parrandachilik fabrikamizda 400 mingdan ortiq tovuq parvarishlanmoqda. Yil oxirigacha tovuqlar sonini 1 millionga yetkazishni rejalashtirganmiz. Yetishtirilayotgan parranda tuxumining bir qismini qo‘shni davlatdagi hamkorlarimizga yetkazib berish uchun shartnoma tuzdik. Joriy yilning o‘tgan davrida Afg‘oniston Respublikasiga 400 ming dollardan ortiq qiymatdagi tabiiy, arzon mahsulot eksport qildik.
Bu ishlarning barchasi ikki qo‘shni davlatning samarali hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbir