O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Fransiya futbol federatsiyasi vakillari mamlakatimizga tashrif buyurdi
2018-03-15 | Sport
Joriy yilning 23-yanvar kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi va mamlakatimiz futbol assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Umid Ahmadjonov Parijda Fransiya futbol federatsiyasi mutassaddilari bilan uchrashib, yurtimizda futbolni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish borasida kelishuvga erishgan edi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, Fransiya futbol federatsiyasi Prezidenti mahkamasi Xalqaro bo‘lim boshlig‘i Janob Kenni Jan Mari uchrashuv davomida bolalar futboli bo‘yicha fransiyalik mutaxassislarni O‘zbekistonga olib kelish, yurtimizdagi yosh futbolchilarni Fransiya jamoalariga jalb qilish, Superligada ishtirok etadigan jamoalarning saviyasini oshirish, ularning ish faoliyatini Yevropa andozalari asosida yo‘lga qo‘yish maqsadida klublar bosh direktorlari va akademiyalar rahbarlarini Parijga malaka oshirish va tajriba o‘rganishga yuborish masalalari muhokama qilingandi.
Ana o‘sha kelishuvga ko‘ra bugun 14 mart kuni Fransiya futbol federatsiyasi Prezidenti mahkamasi boshlig‘i Janob Kenni Jan Mari va Texnik direktor o‘rinbosari Lyudovik Debryu yurtimizga tashrif buyurishdi.
Milliy olimpiya qo‘mitasida fransiyalik yuqori martabali mehmonlarni Umid Ahmadjonov va Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakrom Isroilov qabul qildi.
Umid Ahmadjonov Janob Kenni Jan Mari va Lyudovik Debryuni yurtimizda ko‘rishdan juda ham xursand ekanini ta’kidlab, jumladan, shunday dedi:
“Fransiya dunyodagi futboli rivojlangan mamlakatlardan biri. Shu sababli O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish yo‘lida Fransiya bilan hamkorlik qilish biz uchun juda muhim. O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish uchun hukumat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Mana bugun Siz aziz mehmonlarning poyqadami qutlug‘ kelib, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorga imzo chekdilar.
Endilikda yurtimizda futbolni, umuman, sportni rivojlantirishning yangi tizimi barpo etiladi. Buning uchun Milliy olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi birgalikda ish olib boradi. Biz ishni bog‘chalardan boshlamoqchimiz. Bolajonlar o‘rtasida sportni keng targ‘ib qilish orqali turli sport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish bosh maqsadimiz. Keyin maktab - Olimpiya zaxiralari kolleji – institut tizimida ish olib boriladi. Maqsadimiz, sportni, futbolni yuqori bosqichga olib chiqish va yurtimizdan Olimpiya va Jahon chempionlari chiqishini ta’minlashdan iborat.
Fransiya futbol federatsiyasi bilan yaqin hamkorlik qilish o‘zbek futboli uchun katta manfaat keltirishiga ishonchim komil. Yurtimizda futbol akademiyalari yangi tizim asosida faoliyat yuritadi. Mazkur akademiyalarda fransiyalik murabbiylar ish olib borishiga yordam bersangiz, boshimiz osmonga yetgan bo‘lardi. Bundan tashqari, Fransiyadagi kuchli mutaxassislarni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga ishga taklif etishda ham amaliy yordam ko‘rsatishingizni istaymiz. Ular O‘FAda ish olib borib, o‘zbek futbolini yuqori bosqichga olib chiqishda o‘z hissalarini qo‘shishsa, Sizdan cheksiz minnatdor bo‘lamiz”, - dedi Umid Ahmadjonov.
O‘z o‘rnida Fransiya futbol federatsiyasi Prezidenti mahkamasi boshlig‘i Janob Kenni Jan Mari O‘zbekistonga tashrif buyurganidan juda mamnun ekanini aytib o‘tdi.
“Siz bilan Fransiyada uchrashganimizda O‘zbekistonga borishga va’da bergandik. Mana, va’damning ustidan chiqib, yurtingizga tashrif buyurdik. O‘zbekistonda iqtidorli futbolchilar juda ko‘p ekanini yaxshi bilamiz. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Xitoyda o‘tgan Osiyo chempionatida bosh sovrinni qo‘lga kiritgani bejiz emas. Ana shu iqtidorlarni to‘g‘ri yo‘naltirish orqali mamlakatingiz futbolda katta natijalarga erishishi mumkin. Siz yuqorida Milliy olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birgalikda ish olib borishi borasida gapirib o‘tdingiz. Bu juda to‘g‘ri yo‘l. Fransiya ham 40 yil avval mana shu yo‘lni tanlagan. Fransiya futboli ushbu darajaga yetib kelguniga qadar katta yo‘lni bosib o‘tdi. Xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yildi.
Maqsadimiz, o‘zimizning rivojlanish bosqichimiz bo‘yicha tajribamiz bilan o‘rtoqlashish. Buning uchun avval yurtingizdagi futbol bo‘yicha umumiy holat bilan yaqindan tanishishimiz kerak. Keyin xulosa qilib, o‘z takliflarimizni beramiz. Buning uchun janob Lyudovik Debryu O‘zbekistonda menga qaraganda ko‘proq qolib, vaziyat bilan yaqindan tanishadi. Superliga uchrashuvlarini stadiondan tomosha qiladi. Stadionlar, infratuzilmalarni ko‘zdan kechiradi. Keyin o‘zimizning amaliy maslahatlarimizni berishga harakat qilamiz”, - dedi Janob Kenni Jan Mari.
Fransiya futbol federatsiyasi vakillari ertaga O‘FAda marketing bo‘yicha yurtimizdagi mutaxassislar uchun seminar o‘tkazishlari rejalashtirilgan. Keyin esa “Bunyodkor” stadioniga borib, u yer bilan yaqindan tanishishadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘z