O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yerusti analog televideniyesini o‘chirish ishlari boshlandi
2018-03-14 | Texnologiyalar
Poytaxtimizda Radiochastotalar bo‘yicha Respublika kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda kengashning 2017 yildagi faoliyati yakunlari sarhisob qilindi, 2018 yilga mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlandi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq, Radiochastotalar bo‘yicha Respublika kengashi tomonidan yurtimiz radiochastota resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash va radiochastota spektrini taqsimlash ishlari amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida raqamli televideniyega texnik va texnologik o‘tishga doir Davlat dasturiga muvofiq, olis va aholi siyrak tumanlarda kam quvvatli raqamli peredatchiklarni o‘rnatishning ikkinchi bosqichi chastotalarini rejalashtirish ishlari davom ettirilmoqda. Yerusti analog televideniyesini bosqichma-bosqich tugatish bo‘yicha tasdiqlangan jadvalga ko‘ra, 2018 yilning 15 yanvaridan yerusti analog televideniyesini o‘chirish ishlari boshlab yuborildi.
Uchrashuvda, shuningdek, uyali aloqa operatorlari o‘rtasida 900/1800 megagers diapazonida radiochastota polosalarini qayta taqsimlash haqida so‘z yuritildi. Bu maqsadga yo‘naltirilgan qaror 2017 yilda radiochastota spektridan teng foydalanish samaradorligini oshirish, uyali radioaloqa standartlari imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish maqsadida qabul qilingan.
2017 yildagi radiochastota organlari faoliyati yakunlari muhokamasida jismoniy va yuridik shaxslarning radiochastotalarni ajratish, radioelektron vositalar va yuqori chastotali moslamalardan foydalanishga oid talabnomalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘rnatilgan tartib va muddatlarga rioya etilishiga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda Radiochastotalar bo‘yicha Respublika kengashining 2018 yildagi ish rejasi tasdiqlandi, bu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalar belgilandi.
Roman Bondarchuk, O‘zA muxbiri