O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi tartib: 5000 AQSH dollari miqdoridan oshgan naqd xorijiy valyutani chetga olib chiqish soddalashtirildi
2018-03-14 | Iqtisodiyot
Jismoniy shaxslarga naqd xorijiy valyutani O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsatnomalar berish tartibi soddalashtirildi.
Yangi tartibga muvofiq, jismoniy shaxslar - rezidentlar tomonidan 5000 AQSH dollari ekvivalenti miqdoridan oshgan naqd xorijiy valyutani O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga olib chiqish uchun ruxsatnoma Markaziy bankning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Bosh boshqarmalari tomonidan beriladi.
Bunga qadar mazkur ruxsatnoma faqatgina Markaziy bank tomonidan berilar edi.
huquqiy axborot kanali ma'lum qilishicha, endilikda ruxsatnoma olish uchun jismoniy shaxslar Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmasiga tegishli hujjatlarni topshiradi.
Xususan, ruxsatnoma olish uchun topshiriladigan naqd xorijiy valyuta kelib chiqishining manbasini tasdiqlovchi hujjatlar aniqlashtirildi.
Ushbu hujjatlar toifasiga ilgari naqd xorijiy valyuta sotib olinganligini tasdiqlovchi bank ma’lumotnomasi, jismoniy shaxsning bankda ochilgan hisobvaraqlariga xorijdan kelib tushgan valyuta mablag‘larini yechilganligini tasdiqlovchi bank ma’lumotnomasi, naqd xorijiy valyutani xorijiy davlatlardan olib kelganligini tasdiqlovchi bojxona deklaratsiyasi kiritildi.
Ruxsatnomani berganlik uchun jismoniy shaxslardan to‘lov undirilmaydi.
Hujjatning to‘liq matni bilan www.lex.uz orqali tanishishingiz mumkin.