O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Rahbarlar yong‘in xavfsizligi qoidalarini biladimi?
2018-03-14 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi instituti tomonidan Qashqadaryo viloyatidagi obyektlarning rahbarlarini “Yong‘in xavfsizligi asoslari”ga o‘qitish bo‘yicha sayyor o‘quv-amaliy yig‘inlari o‘tkazilmoqda.
Prezidentimizning 2017 yil 23 maydagi “Yong‘in xavfsizligi sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan yig‘inlarda institut professor-o‘qituvchilari tomonidan sanoat tarmoqlari, ijtimoiy soha, tunda odamlar ommaviy to‘planadigan obyektlar, yirik bozorlar va savdo komplekslari, saxovat va muruvvat uylari, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalari rahbarlari bilan yong‘in xavfsizligi sohasida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilayotir.
– Sayyor o‘quv yig‘inlarini o‘tkazishdan maqsad obyektlar rahbarlarining yong‘in xavfsizligi sohasidagi huquqiy savodxonligini va bu ishlardagi mas’uliyatini yanada oshirishdir, – deydi Qashqadaryo viloyati IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi mas’ul xodimi Sohib Voyitov. – Tadbirlarda obyektda yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlarni to‘g‘ri tashkil etish, sohada tatbiq etilayotgan innovatsion texnologiyalar, yong‘in xavfsizligi chora-tadbirlarini qo‘llash, yong‘in vaqtidagi harakatlar haqida ma’lumot berilmoqda.
O‘quv yig‘inlari yakunida obyektlar rahbarlari test sinovlari topshirish orqali o‘z bilim ko‘nikmasini namoyish etadi. Ularga maxsus sertifikatlar topshiriladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA