O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Madaniyat vaziri: Qozog‘istonda O‘zbekiston yili – do‘stligimiz, qardoshligimiz ramzi

2018-03-13 | Madaniyat

Turkiy xalqlar bir ildizdan o‘sib chiqqan ulkan daraxtga o‘xshaydi. Shu daraxtning yer yuziga keng soya beradigan ikki yirik shoxlaridan biri qozoq xalqi bo‘lsa, boshqasi o‘zbek xalqidir. Bir teran tomirdan suv ichgan ikki xalqning keng va chuqur ma’noli madaniyati, urf-odatlari, qadriyatlari bir-biriga tutash, o‘zaro hamohang va uyg‘un.

Birgina “Alpomish” dostonini oladigan bo‘lsak, uning o‘zbekcha va qozoqcha talqinlari bo‘lib, ikkisi ham kitobsevarlarga zavq, mardlik, matonat va bag‘rikenglik tuyg‘ularini singdiradi. Qardoshlik va birodarlik rishtalari asrlar osha qondoshlik, quda-andalikka ulanib ketgan.

Ayniqsa, keyingi chorak asr mobaynida O‘zbekiston va Qozog‘istonning do‘stlik va hamkorlik munosabatlari mustahkamlandi. Ikki davlatning madaniy aloqalari keng qanot yoydi, yanada ravnaq topdi. 2018 yilning Qozog‘iston Respublikasida O‘zbekiston yili deb e’lon qilingani ulkan tarixiy voqeadir. Bu Qozog‘iston davlatining, qo‘shni, qardosh xalqning bizga hurmat-ehtiromi ramzidir. 2018 yil davomida Qozog‘istonda O‘zbekiston degan so‘z baland pardalarda kuylanadi, madh etiladi.

Qozog‘istonda “2018 yil – O‘zbekiston yili” dasturi munosabati bilan madaniyat, san’at, adabiyot sohalarida bajarilishi rejalashtirilayotgan bir qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar, xayrli ishlar haqida ham to‘xtalib o‘tish o‘rinli. Jumladan, joriy yilning birinchi choragida Ostona shahrida o‘zbek hunarmandlarining 400 dan ortiq mahsulotini aks ettirgan ko‘rgazma namoyish etiladi. Qozog‘iston poytaxtida bo‘lib o‘tuvchi O‘zbekiston yiliga bag‘ishlangan tantanali marosim – katta konsert dasturi o‘zbek madaniyati va san’atining naqadar boy va betakrorligini tarannum etishi shubhasiz.

Do‘stlik rishtalarining yanada mustahkamlanishida so‘z san’ati –adabiyotning o‘rni beqiyos. Olmaota shahrida o‘tkaziluvchi O‘zbek adabiyoti kunlari doirasidagi adiblar bilan uchrashuvlar, ijodiy muloqotlar ikki xalq qalamkashlarining o‘zaro fikr almashishida, adabiy jarayonlardan bahramand bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi.

2018 yilning ikkinchi choragida O‘zbek Milliy akademik drama teatri ijodkorlari Chimkent shahriga safar qiladi. Ostona shahrida “O‘zbek ayollar milliy liboslari va xalq amaliy san’ati ko‘rgazmasi” hamda “2018 yil Qozog‘istonda – O‘zbekiston yili”, deb nomlangan kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etiladi. Olmaotada tashkil etiluvchi “O‘zbek milliy taomlarini tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari” pazandalik san’ati ixlosmandlarini hayratda qoldirishi shubhasiz.

Yilning uchinchi choragida Turkiston shahrida “Folklor jamoalari ekspeditsiyasi”, Respublika yosh tomoshabinlar teatri jamoasining Olmaota shahriga ijodiy safari ko‘zda tutilgan. Shuningdek, badiiy jamoalar va estrada ijodkorlari ishtirokidagi “Osh festivali” asrlar davomida sayqal topib kelayotgan milliy an’ana va qadriyatlarimizni to‘laqonli ifodalash imkonini beradi.

Ostona shahrida “O‘zbekiston yili”ning yopilish marosimiga bag‘ishlangan tantanali konsert dasturida ikki xalq san’at ustalari va ijrochi yoshlar qatnashadi. Madaniy muloqotimizning o‘ziga xos sarhisobiga aylanadigan ushbu konsertni baland ruhda, ko‘tarinki va bayramona kayfiyatda, zavqli va jozibali musiqiy dasturlarga, jo‘shqin kuy-qo‘shiqlarga, rang-barang raqslarga boy tarzda tashkil etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Shu bilan birga, yil davomida ikki davlat vakillarining tasviriy san’at sohasidagi xalqaro ko‘rgazmalari, konferensiyalari, seminarlari, qiziqarli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Xalqaro “Yevroosiyo” kinofestivalida yurtimiz kino ijodkorlarining ishtiroki, Jahon mutolaa kongressida o‘zbek adiblarining, “Ostonaning madaniy qiyofasi” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida olimlarimizning, “Xalqaro bolalar yozuvchilari forumi”da o‘zbek yozuvchilarining, “Ostonaning 20 yilligi: Ostonaning 20 ta jahon kutubxonasi” loyihasi hamda “Ostona 2018 – Yevroosiyoning kitobxonlik poytaxti” xalqaro festivalida o‘zbek kutubxonashunoslarining qatnashishi belgilangan.

Taraz, Chimkent, Qizilo‘rda, Turkiston shaharlarida o‘zbek kinosi kunlari, “Zamonaviy O‘zbekiston” nomli qozoq ijodkorlari fotoko‘rgazmasi, O‘zbekiston tasviriy san’ati asarlari ko‘rgazmasi hamda Turkiston, Qizilo‘rda va Sariog‘och shaharlarida yurtimiz badiiy jamoalari va estrada ijodkorlari ishtirokida konsert dasturlari namoyish etilishi, “Jaloliddin Manguberdi” badiiy filmining bir nechta epizodlarini tasvirga olish ham rejalashtirilgan.

Shuningdek, A.Kasteyev nomidagi Qozog‘iston Respublikasi davlat san’at muzeyi va I.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat san’at muzeyi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanishi rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, tomonlarning muntazam ravishda va o‘zaro hamkorlikdagi uchrashuvlarini tashkillashtirish, muzeylar faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha axborot almashinuvlari va reja asosida ko‘rgazmalar uyushtirish ko‘zda tutilgan.

O‘z navbatida yurtimizda ham Qozog‘iston madaniyatiga taalluqli tadbirlar va ko‘rgazmalar tashkil etilishi ikki davlat madaniy aloqalarini yanada mustahkamlashiga hissa qo‘shadi. Shu ma’noda, Toshkent shahrida mashhur qozoq rassomi Batuxan Baymenning shaxsiy ko‘rgazmasi, Toshkent shahri va Andijon viloyatida “O‘zbekistonda Olmaota viloyati kunlari”, “Atlas bayrami” Xalqaro to‘qimachilik festivali o‘tkaziladi. Akademik cholg‘ular, estrada va an’anaviy ijrochilik bo‘yicha “Iste’dod” II xalqaro tanlovi, Ko‘p ovozli xalq cholg‘ulari ansambl va orkestrlarining “Navro‘z sadolari” nomli IV xalqaro festivalida hamda xalqaro “Maqom san’ati” anjumani kabi tadbirlarda Qozog‘istondan vakillar va ijodkorlar ham qatnashadi.

Bir dengizga tutashgan daryolardan suv ichib, olis moziydan bugungi kungacha do‘st-qadrdon bo‘lib yashayotgan o‘zbek va qozoq xalqi birodarlik aloqalarining yanada mustahkamlanishi, davlatlararo munosabatlarning kengayishida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga amaliy tashrifi davomida imzolanadigan bir qator hujjatlar, Qozog‘istonda O‘zbekiston yili doirasida o‘tkaziladigan madaniy-ma’rifiy tadbirlar, O‘zbekistonga Qozog‘iston madaniyat ahlining tashriflari yanada ko‘proq ahamiyat kasb etadi.

Qozog‘istonda O‘zbekiston yili boshlandi. Yillar o‘tadi, bugungi kun tarixga aylanadi. Bu boradagi barcha sa’y-harakatlarimiz do‘stona munosabatlarning, hamjihatlik, qardoshlik rishtalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

 

Baxtiyor Sayfullayev, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri.

Поделиться