O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xorijdan qaytgan mehnat migrantlarining 500 ming nafari ish bilan ta’minlandi
2018-03-13 | Jamiyat
Parlament quyi palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda hududlardagi mavjud holat bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish va o‘rganishlar yakunlari hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qilingan ishlar sarhisob qilindi.
Respublika tumanlaridagi 5 ming 224 ta xonadon sohibi bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazilgan.
Muloqotlarda 3 mingdan ortiq turli yo‘nalishdagi muammo ko‘tarilib, ularning mingdan ziyodi deputatlar tomonidan mutasaddi tashkilotlar ishtirokida joyida hal etildi. 1 ming 538 ta turli xildagi muammoni bartaraf etishga qaratilgan tumanlarning “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, xalk deputatlari mahalliy Kengashlarining sessiyalarida tasdiqlandi. Ayrim muammolar respublika va viloyat darajasida hal etiladigan bo‘ldi.
Deputatlarning fikricha, fevral oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar tumanlarida aholi bilan o‘tkazilgan muloqotlar hamda fuqarolarning huquq va erkinliklari ta’minlanishining holatini o‘rganish davomida joylarda o‘z yechimini topgan ko‘plab masalalar bilan bir qatorda ayrim tizimli muammolar ham ko‘zga tashlangan.
Jumladan, fuqarolarni tashvishga solayotgan aksariyat masalalar ularning bandligini ta’minlash, mehnatga oid munosabatlarning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash, ayniqsa, vaqtinchalik mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarimiz duch kelayotgan to‘siqlar bilan bog‘liqligi qayd etildi.
Andijon viloyati Xonobod shahrida norasmiy ravishda chet davlatlarga chiqib ketganlar soni 4 ming 336 nafarni tashkil etib, ulardan 1 ming 217 nafari ayollardir. 2017 yil davomida chet davlatlarda ishlab qaytgan fuqarolar 1 ming 648 nafarni tashkil etib, monitoring natijasida ayni paytda ulardan 1 ming 502 nafari ish bilan band ekanligi ma’lum bo‘lgan.
Norasmiy ravishda chet davlatlarga ketgan fuqarolarning 2 ming 136 nafari uzoq muddatlarga chiqib ketgan.
Xorijdan ishlab qaytgan fuqarolarni ish bilan ta’minlashda hududiy Bandlik markazlari faoliyati Toshkent viloyati misolida tahlil etiladigan bo‘lsa, Angren shahrida 3,2 foiz, Olmaliq shahrida 1,8 foiz, Bekobod shahrida 3 foiz qaytgan fuqarolarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashilgan.
Mehnat migrantlarini ish bilan ta’minlashdagi mavjud muammolarni inobatga olgan holda mazkur masala yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga deputat so‘rovi yuborilgan. Fraksiya yig‘ilishida mazkur ko‘tarilgan muammolar bo‘yicha vazirlikning axboroti tinglandi.
2018 yilning 1 yanvar holatiga xorijda mehnat faoliyatini yuritib, qaytib kelgan 779,2 ming fuqarodan 493,7 ming nafarining bandligi ta’minlangan.
Sohada saqlanib qolayotgan muammolarning yechimiga xizmat qiluvchi va tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish maqsadida vazirlik tomonidan “Mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilgan.
Nurillo Nasriyev, O‘zA muxbiri