O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
2018-03-13 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi.
Bu haqda dushanba kuni Adliya vazirligining Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanalida xabar qilindi.
Qaror bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
- nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun belgilangan tartibda solinadigan jarimalar summasining 10 foizi miqdoridagi ajratmalar;
- nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirishga doir hokimlarning qarorlari bajarilmaganligi yuzasidan solinadigan jarimalar summasining 10 foizi miqdoridagi ajratmalar;
- yuridik va jismoniy shaxslarning, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning homiylik hayriyalari hamda qonun hujjatlarida ta’qiqlanmagan boshqa manbalar.
Jamg‘arma mablag‘lari nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya buyumlari, texnik reabilitatsiya vositalari va kreslo-aravachalar bilan ta’minlash hamda ularni ish bilan ta’minlash va boshqa shu kabi maqsadlar uchun sarflanadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, O‘zbekistonda Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish belgilangan edi.