O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik boshlandi
2018-03-12 | Jamiyat
Ayni paytda viloyatda Navro‘z umumxalq bayramini yuqori saviyada, keng nishonlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish maqsadida viloyat hokimi rahbarligida tashkiliy-ijodiy guruh tarkibi shakllantirilgan. Shuningdek, bayram dasturlarini tayyorlash uchun poytaxtdan tajribali rejissyor va mutaxassislar ham jalb etilgan. Ular yordamida namunaviy ssenariylar, konsert dasturlari ishlab chiqildi.
Bu yil Navro‘z bayramini tashkil etishda asosiy e’tibor xalqimizning milliy qadriyatlari va urf-odatlarini qadrlash va aks ettirishga qaratiladi. Xalq sayllari, bayram tomoshalari, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda “AZIZ VATANDOSHLAR, HAR KUNINGIZ NAVRO‘Z BO‘LSIN!” degan g‘oya ustuvor bo‘ladi.
Asosiy bayram tadbirlari viloyat markazi va tuman, shaharlardagi 29 joyda – istirohat bog‘lari, xiyobon va maydonlar, o‘yingohlar, qir-adirlar va tabiat qo‘ynida o‘tkaziladi.
Samarqand shahridagi 14 hududda xalq sayllari uyushtiriladi. Bu maskanlarda konsert dasturlari, milliy va xalq o‘yinlari, hunarmandlik buyumlari ko‘rgazmalari namoyish etiladi. Bahor taomlari tayyorlanib, saylga chiqqan kishilarga ulashiladi.
Bayram kunlari Samarqandga tashrif buyuradigan mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun “Samarqand – turizm maskani” deb nomlangan maxsus tomosha-ko‘rgazma uyushtiriladi.
Xalqimiz Navro‘zni azaldan mehr-muruvvat, saxovat bayrami sifatida nishonlaydi. Ushbu an’anaga muvofiq, shahar va tuman hokimliklari, davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan kam ta’minlangan oilalarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatiladi, qariyalar, bemor va nogironligi bo‘lgan kishilar holidan xabar olinadi.
Samarqand shahridagi “Mehribonlik” uylari, “Go‘daklar uyi”, “Muruvvat” va “Saxovat” uylari, 7 maxsus maktab-internatda bayram dasturxoni yozish, moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, madaniy dasturlar uyushtirish ko‘zda tutilgan.
Bayram munosabati bilan shu kunlarda viloyatdagi mahallalar, xiyobonlar, ziyoratgoh va qabristonlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligi doirasida ommaviy hasharlar o‘tkazilmoqda.
Aholini bayram arafasida sifatli, arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida Samarqand shahridagi 6, tuman va shaharlarda 15 bozor va aholi gavjum maskanlarda qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkalari tashkil qilinadi.