O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yerga chigit tushdi
2018-03-12 | Iqtisodiyot
Joriy mavsumda viloyat miqyosida 87 ming gektar maydonga chigit ekish rejalashtirilmoqda. Shundan 40 ming gektarida g‘o‘za plyonka ostida parvarishlanadi. 248 ming 600 tonna paxta xom ashyosi tayyorlash yuzasidan davlat buyurtmasi mavjud.
Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligida Baliqchi tumanidagi “Ergashali Usmon bog‘i” fermer xo‘jaligida chigit ekish va dehqonchilik yumushlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish yuzasidan maslahat yig‘ini bo‘ldi. “Qo‘sh oshi” ga viloyat tashkilotlari, hududiy sektor rahbarlari, qishloq xo‘jaligi mutaxassislari, faxriylar, imom-xatiblar taklif etildilar.
Mutaxassislar tavsiyalariga ko‘ra, g‘o‘za navlarini mintaqalarning tuproq-iqlim sharoiti, yer unumdorligi, suv bilan ta’minlanganligini hisobga olib joylashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Unumdorligi past, ko‘zlangan paxta hosilini bermaydigan, dehqonning “oyog‘iga tushov” bo‘ladigan maydonlarda bosqichma-bosqich boshqa ekin turlarini parvarishlash masalasi ham kun tartibida.
Salkam 65,5 ming gektar yerga “Andijon-35”, “Andijon-36”, “Andijon-37” singari serhosil, tezpishar navlar ekilishiga qaror qilinganligi fermerlarning quvonchiga quvonch qo‘shmoqda. Shuningdek, 3 ming 500 gektarmaydonga g‘o‘zaning istiqbolli “O‘zPITI-201” navi joylashtiriladi. Dehqonchilik yumushlarini tashkil etishga oid dastur doirasida mavjud texnika vositalari mavsumga shay holga keltirildi. Ekin-tikin ishlarini qisqa muddatlarda yakunlash yuzasidan barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Fermer xo‘jaliklarini moddiy-texnika resurslari bilan o‘z vaqtida ta’minlash, qishloq xo‘jaligi ekinlarini parvarish qilishda xo‘jaliklarning manfaatdorligini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amaliy sa’y-harakatlar boshlangan.
Dala ishlarini namunali tashkil etish, paxta va g‘alla parvarishini yuqori agrotexnik qoidalar asosida olib borish yuzasidan barcha hamfikr va uyushqoq bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi. Bu boradagi masalalar bo‘-yicha mas’uliyat mahalliy hokimlar bilan birga barcha hududiy sektor rahbarlari zimmasida ekanligi qayd etildi.
Yig‘ilganlar fermer xo‘jaligida ko‘rgazmali chigit ekish ishlari bilan tanishdilar. Tilovat bilan birga el-yurtimiz omonligi, dehqonchilikning qut-barakali bo‘lishi uchun duolar qilindi.