O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Deputatlar Samarqand viloyati hokimi hisobotini eshitdi
2018-03-12 | Iqtisodiyot
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining sessiyasida Samarqand viloyati hokimining 2017 yilda viloyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisoboti eshitildi.
Ta’kidlanishicha, 2017 yilda viloyat yalpi ichki mahsuloti hajmi 18 trillion 319 milliard so‘mga yetib, 102 foiz bajarilgan. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarida ham barqaror o‘sish sur’atlari ta’minlangan. Tashqi savdo aylanmasi 1 milliard 96 million dollarni tashkil etdi.
Yil davomida xorijiy sarmoya ishtirokida 56 yangi korxona tashkil etilib, ularning soni 291 taga yetdi. Viloyatdagi 44 davlat mulki obyekti investitsiya kiritish sharti bilan “nol” xarid qiymatida tadbirkorlarga berildi. 3 ming 259 kichik biznes subyekti yangidan faoliyat boshladi.
Viloyatni hududiy rivojlantirish dasturiga asosan sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohalarida 2 ming 252 loyiha amalga oshirildi. Buning natijasida 20 ming 300 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
Investitsiya dasturi asosida respublika byudjetidan ajratilgan 148,6 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 178 ijtimoiy soha obyektida qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi.
Hisobotda, shuningdek, kommunal soha, sog‘liqni saqlash tizimi, aholini ijtimoiy muhofaza qilish borasida va boshqa yo‘nalishlarda bajarilgan ishlar qayd etilib, 2018 yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berilgan.
Shuningdek, sessiyada 2017 yildagi faoliyati yuzasidan viloyat prokurori va ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining hisobotlari, viloyatdagi sudlar raislarining axborotlari tinglandi.
Hisobotlar yuzasidan deputatlar taklif va tavsiyalar bildirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri