O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Londonda sayyohlik sohasidagi hamkorlikning istiqbollari muhokama etildi
2018-03-12 | Turizm
O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida ikki mamlakat sayyohlik operatorlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Britaniya mustaqil turoperatorlar assotsiatsiyasi (AITO), Britaniya sayyohlik agentliklari uyushmasi (AVTA) va bu sohada faoliyat ko‘rsatadigan qator kompaniyalarning vakillari qatnashdilar. Shuningdek, videokonferensiya aloqasi vositasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro, Xorazm viloyatlari hokimlarining o‘rinbosarlari, sayyohlik operatorlari, “Hunarmand” uyushmasi vakillari ham ishtirok etdilar. Ular britaniyalik qatnashchilarni har bir mintaqaning sayyohlik imkoniyatlari, o‘ziga xosliklari va sayohat paketlari bilan tanishtirishgani barobarida o‘zaro hamkorlik yuzasidan aniq takliflarini bayon etdilar.
Davra suhbatida sayyohlik industriyasi uchun sharoitlarni yaxshilash, shu jumladan, viza rejimini soddalashtirish, infratuzilmani modernizatsiyalash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar atroflicha muhokama etildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari sifatida Buyuk Britaniyada bo‘lib turgan Islom sivilizatsiyasi markazining direktori Shoazim Minovarov mamlakatimizning ziyorat sayyohligi borasidagi imkoniyatlarini taqdim etdi. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasining boy madaniy-tarixiy merosi, me’moriy yodgorliklar, o‘lkamiz muzeylarida saqlanayotgan noyob qo‘lyozma va osori-atiqalar xususida atroflicha fikr yuritildi.
Britaniya mustaqil turoperatorlar assotsiatsiyasi (AITO) boshqaruvchi direktori Keyt Kenvord mamlakatimizning sayyohlik salohiyatiga yuqori baho berar ekan, O‘zbekiston britaniyalik sayohatchilar uchun tobora ommabop yo‘nalish bo‘lib borayotganini aytdi. O‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan turoperatorlar assotsiatsiyasi o‘zbekistonlik hamkasblari bilan hamkorlikka tayyor ekanligini ma’lum qilar ekan, O‘zbekistonning turli mintaqalarini qamrab olgan sayyohlik paketlari haqidagi muntazam axborot almashuvini yo‘lga qo‘yishni taklif etdi.
Britaniyaning “TransIndus” sayyohlik kompaniyasi menejeri Eydan Makfan respublikamiz noyob tabiiy sharoitga ega ekanligi haqida to‘xtalib, ekosayyohlikni rivojlantirish imkoniyatlari haqidagi fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashdi. Uning aytishicha, britaniyalik sayyohlar O‘zbekistonning nafaqat ko‘hna tarixi va madaniyati, balki ajoyib tabiiy manzaralari bilan ham oshno bo‘lishni istashadi.
“El Sawy” sayyohlik kompaniyasi direktori Prins El-Savi o‘zbeklar zaminida joylashgan va musulmon dunyosida alohida o‘rin tutadigan, turli mamlakatlarning ziyoratchilarini o‘ziga tortib turadigan muqaddas qadamjolarga katta qiziqish bildirdi. U Buyuk Britaniyadan ziyorat sayyohligini tashkil etish yuzasidan o‘zbek kasbdoshlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanini aytdi. “Bu borada ikki mamlakat mintaqalari o‘rtasida charter aviaqatnovlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyati ham yo‘q emas”, dedi u.
“Mantis Collection Ltd” turkompaniyasining vakili esa O‘zbekistonga borayotgan sayyohlar soni tobora ortib borayotganini e’tirof etar ekan, xorij sarmoyasi hamda yetakchi brendlarni jalb etgan holda Buxoroda mehmonxona majmuini qurish loyihasiga qiziqish bildirdi.
Muxtasar qilib aytganda, davra suhbati qatnashchilari videokonferensiya aloqasi vositasida o‘tgan ushbu tadbir O‘zbekiston va Buyuk Britaniya sayyohlik operatorlari o‘rtasida muloqotni davom ettirish yuzasidan mushtarak qiziqishning mavjud ekanligini namoyon qilganini aytdilar. Bundan tashqari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaning ta’minlanishi uchun Facebook tarmog‘ida alohida kanalni tashkil etish ham taklif qilindi. Shuningdek, sheriklar bilan V2V shaklidagi muzokaralarni o‘tkazish uchun O‘zbekistonga, uning turli mintaqalariga tanishuv safarlarini tashkil etish g‘oyasi ham tadbirning britaniyalik qatnashchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.