O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Deputat va senatorlar Yangiyerda turli sohalardagi mavjud muammolarni o‘rgandi
2018-03-10 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolaridan iborat ishchi guruhi tomonidan Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohadagi mavjud muammolar o‘rganildi.
Guruh a’zolari Yangiyer shahri mahallalarida bo‘lib, fuqarolar bilan uchrashdi. O‘rganishlar davomida hududdagi ayrim muammolarni joyida bartaraf etish choralari ko‘rilib, mamlakat miqyosida hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolar yuzasidan taqdimnoma tayyorlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari Orifjon Qudratov, Ikrom Karatayev, Mirzaahmad Shoimovlar O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat va shahar kengashlari vakillari hamrohligida 2-sektor hududiga qarashli “Obod yurt” mahalla fuqarolar yig‘ini fuqarolari bilan muloqot o‘tkazdi.
Yangiyer shahri hududidagi ahvol atroflicha o‘rganilgach, shahardagi musiqa va san’at maktabining majlislar zalida tashkil etilgan fuqarolar bilan uchrashuvda dastlab 2-sektor rahbari, shahar prokurori Ulug‘bek Jo‘rayevning 2017 yil davomida o‘zi rahbarligidagi sektor hududida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti tinglandi.
Shundan so‘ng yig‘ilishga kelgan fuqarolarning fikr-mulohazalari va ular tomonidan ko‘tarilgan muammolar tinglandi.
– Men Samarqand ko‘chasida istiqomat qilaman, – deydi Tursunoy Boybo‘tayeva. – Bu yerda yashovchilar ichimlik suvidan qiynalmoqda. Bu masalani bir necha bor ko‘tarishimizga qaramay toza ichimlik suvi ta’minotida hamon uzilishlar yuzaga kelayotir. Ushbu muammo kechiktirmay hal etilishini Samarqand ko‘chasida yashovchi fuqarolar nomidan iltimos qilaman.
Senat a’zolari tomonidan shahar “Suvoqova” davlat unitar korxonasi rahbariga muammolarni bartaraf etish yuzasidan topshiriq berilib, aniq muddat belgilandi.
Chamanzor ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro Norbibi Pirbo‘ldiyeva Yangiyer shahar markaziy dehqon bozori hududida turmush o‘rtog‘iga tegishli bo‘lgan do‘konning shahar bosh rejasi asosida buzilganligi, haligacha do‘kon uchun kompensatsiya puli berilmaganligidan shikoyat qildi.
– Bu masala tez kunda ijobiy hal qilinadi, – dedi Yangiyer shahar hokimi o‘rinbosari D.Azimov. – Shahar moliya bo‘limiga tegishli topshiriq berildi. Fuqaro Pirbo‘ldiyev belgilangan miqdordagi kompensatsiya pulini oladi.
Mahallaning Jomiy ko‘chasida yashovchi Zenura Mamatqulova turmush o‘rtog‘i Usmonali Mamatqulovning olayotgan nafaqa puli kam hisoblanganligini bildirib, pensiya pulini oshirishda amaliy yordam so‘radi.
Senat a’zolari mutasaddilarga topshiriqlar berib, masalani atroflicha o‘rganib ijobiy hal etish kerakligini ta’kidladi.
Ishchi guruhi a’zolari Yangiyer shahridagi “Muruvvat” ayollar internat-uyida ham bo‘lib, u yerdagi sharoitlar bilan tanishdi.
Ushbu maskan ikkita binoda joylashgan bo‘lib, 2013-yildan boshlab “Muruvvat” uyi nomini olgan. 2016 yilda maskan yangi binoga ko‘chib o‘tgan. Bu yerda 141 nafar vasiylikka olingan nogiron ayollar istiqomat qiladi.
– Ushbu maskanda nogiron ayollarning sport bilan shug‘ullanishi uchun sport zali, kutubxona, fizioterapiya xonalari, yotoqxona va oshxona hamda ayollarning to‘qish, bichish, tikishi uchun alohida xonalar bor ekan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Orifjon Qudratov. – “Muruvvat” uyi xodimlari biriktirilgan homiylar bemorlar holidan muntazam xabar olib turishi va har tomonlama yordam ko‘rsatib kelinayotganligini ta’kidladi. Xullas, ushbu muassasa faoliyatida muammolar kuzatilmadi.
Deputat va senatorlar Sirdaryo viloyati hududlarini o‘rganib, joylarda fuqarolar bilan uchrashuvlarni davom ettirmoqda.