O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston mahsulotlari Tojikistonda xaridorgir
2018-03-09 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon Dushanbe shahrida ochilgan mamlakatimiz sanoat korxonalari milliy ko‘rgazma-yarmarkasiga tashrif buyurdi.
Dastlab bu yerda G‘alaba – Amuzang – Xushadi temir yo‘l tarmog‘ining rasmiy ochilish marosimi bo‘ldi. Prezidentlar poyezd harakatini boshlash uchun ramziy tugmani bosdi.
Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan tanishdi.
Ko‘rgazma ikki qismda tashkil etilgan. 1500 metr kvadrat yopiq manejda “O‘zeltexsanoat”, “O‘zkimyosanoat”, “O‘zto‘qimachiliksanoat”, “O‘zbekipaksanoat”, “O‘zbekcharmpoyabzali”, “O‘zbekneftegaz”, “O‘zfarmsanoat”, “O‘zqurilishmateriallari”, “O‘zbekoziqovqatxolding”, O‘zsharobsanoat”, “O‘zmetkombinat” kabi yirik kompaniya va assotsiatsiyalar mahsulotlari namoyish etilmoqda.
500 metr kvadrat ochiq maydonda avtomobillar, qishloq xo‘jaligi texnikalari, yuk mashinalari, avtobuslar va boshqa mahsulotlar ko‘rgazmaga qo‘yilgan.
Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar Tojikiston Prezidentida katta taassurot qoldirdi. Ularning sifati va narxi barchaga ma’qul bo‘lishini ta’kidladi. Ko‘rgazma-yarmarkani yana ko‘proq vaqt davom ettirish, O‘zbekiston mahsulotlarini sotish va hamkorlikda ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.