O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Rasman: O‘zbekistonda yangi tuzilgan federatsiya tan olinmaydi
2018-03-09 | Jamiyat
Milliy olimpiya qo‘mitasining MMA federatsiyasi tuzilishi haqidagi xabar borasida rasmiy bayonoti e’lon qilindi. Bu haqda payshanba kuni Qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, kecha yurtimizdagi sportga oid internet saytlarda O‘zbekistonda yangi MMA (aralash qoidalar jangi) federatsiyasiga asos solinganligi haqida xabar qilingan.
Lekin ushbu federatsiya tuzilishi oldidan na Milliy olimpiya qo‘mitasi, na O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi xabardor qilingan. Qolaversa, bu federatsiya ayni paytda yuridik jihatdan hech qanday kuchga ega emas, deyiladi bayonotda.
Shu sababli ham Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi O‘zbekistonda yangi tuzilgan ushbu federatsiyani tan olmasligini rasman ma’lum qiladi.