O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Britaniya muzeyi mutaxassislari o‘zbekistonlik hamkasblari bilan tajriba almashadi

2018-03-09 | Jamiyat

Muzeylar insoniyat taraqqiyotining turli bosqichlarini namoyon qiluvchi, o‘tmishning ham shonli, ham suronli voqea va hodisalariga guvoh bo‘lgan, tarixni oynadek aks ettiruvchi ibrat maskanlaridir. Bunday ma’naviyat go‘shalariga tashrif buyurgan kishi borki, moziy manzillarini sarhadsiz sayr qiladi, o‘zi uchun olam-olam ma’no va xulosa oladi. Dunyoning qaysi chekkasidagi muzeyga bormang, O‘zbekiston tarixiga oid eksponatlar eng noyob ashyolar sifatida qadrlanishiga guvoh bo‘lasiz. Jumladan, jahonning yetakchi muzeylaridan biri bo‘lgan Britaniya muzeyida ham.

Londonda qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazayotgan O‘zbekiston delegatsiyasi Britaniya muzeyiga tashrif buyurdi. Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi, Toshkent islom universitetining Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi rahbarlaridan iborat delegatsiyani Britaniya muzeyi direktori Hartvig Fisher qabul qildi.
 
Britaniya muzeyi o‘zida 8 milliondan ziyod ashyolarni to‘plagan bo‘lib, har yili bu yerga 7 millionga yaqin kishi tashrif buyuradi.
 
Uchrashuvda yurtimizning qadimiy, boy tarixi, buyuk alloma va mutafakkirlarimizning bebaho ilmiy-ma’naviy merosi jahon tamadduniga beqiyos ulush qo‘shgani, bugun mamlakatimizda xalqimizning chinakam iftixori bo‘lgan ana shu xazinani asrab-avaylash, chuqur o‘rganish, uning noyob g‘oya va qadriyatlaridan istefoda etgan holda kelajak avlodga ham yetkazish ishiga yuksak e’tibor qaratilayotgani alohida ta’kidlandi.
 
Yig‘ilishda so‘z olgan Britaniya muzeyi mas’ullari Jonatan Tabb, Ladan Akabarnia, Fahmida Sulaymon, Jon Villyams ushbu hamkorlik ikki tomon uchun ham g‘oyat manfaatli ekanini qayd etdilar.
 
“Tashrifingizdan juda xursandmiz. O‘zbekiston bilan aloqalar hamkorlikning yangi eshiklarini ochadi”, - deydi Yaqin Sharq to‘plami rahbari Jonatan Tabb. “Mening hayotimda Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston tarixini o‘rganish muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. “Amudaryo xazinasi” deb nomlangan eksponatlar muzeyimizning yuragi desam, xato bo‘lmaydi. Ayni vaqtda, “Amudaryo xazinasi”ning yangi katalogi ustida ish olib bormoqdamiz. Bu borada o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan hamkorlik qilish niyatidamiz”.
 
Markaziy Osiyo madaniy merosini tadqiq etayotgan yana bir olim Fahmida Sulaymon O‘zbekistonning boy madaniyati hali ham dunyoni hayratga solishga qodir ekanini ta’kidlab, jumladan shunday dedi: “Evropa jamoatchiligi, ayniqsa, ilmiy doiralari islom madaniyati XIX asrga kelib rivojlanishdan to‘xtagan, degan fikrni yoqlaydi. Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekistonga tashrif buyurgan kishi borki, buning aksini ko‘radi”.
 
Britaniya muzeyi mutaxassislari O‘zbekiston tarixiga oid eksponatlarning yozuv-sharhlarini mamlakatimiz olimlari bilan birgalikda tayyorlaydigan bo‘ldi.
 
Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini izhor etdilar. Muzokaralar natijasida Britaniya muzeyi xodimlarining O‘zbekistonga safarini tashkil etish, o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, muzey fondida saqlanayotgan mamlakatimiz tarixiga oid nodir eksponatlarni tadqiq etish, kataloglarini yaratish, o‘zbekistonlik mutaxassislarning Britaniya muzeyida amaliyot o‘tashlarini joriy qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Поделиться