O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

London Islom madaniyati markazi direktori: Imom Buxoriyning kitoblari bo‘lmaganida, bugun bizning markazlarimiz ham bo‘lmas edi

2018-03-09 | Jamiyat

Buyuk Britaniyaga safar qilgan mamlakatimizning yetakchi islomshunos va sharqshunos olimlaridan iborat delegatsiya 4 mart kuni London shahrida joylashgan Islom madaniyati markazida uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirda Buyuk Britaniya Lordlar palatasi a’zosi, lord Muhammad Iltaf Shayx, Islom madaniyati markazi direktori doktor Ahmad Dubayan, London jome masjidi imom-xatibi X.Izzat va Islom madaniyati markazining ilmiy xodimlari ishtirok etdi.

Londondagi Islom madaniyati markazi nafaqat Buyuk Britaniya, balki butun Yevropadagi eng yirik madaniy-ma’rifiy muassasalardan biri sanaladi. Markazda islom dinini ilm-ma’rifat orqali targ‘ib etish, jaholatning muqaddas dinimizga butkul yot ekanini ilmiy dalillar asosida tushuntirishga alohida e’tibor beriladi. Ushbu majmuada musulmonlar bilan bir qatorda yahudiy, nasroniy va boshqa din vakillari ham ma’ruza va ko‘rgazmalar bilan qatnashib, diniy bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib etadilar.

Uchrashuv qatnashchilariga O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan, xalqimiz va xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, diniy-ma’rifiy sohadagi tub islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Unda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda o‘z faoliyatini boshlagan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston Islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasi kabi yangi tuzilmalar muqaddas dinimizning asl g‘oyalarini o‘rganish, buyuk allomalarimiz, aziz avliyolarimiz ilmiy merosini chuqur tadqiq etish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish imkonini beradi.

Islom madaniyati markazi direktori doktor Ahmad Dubayan qisqa vaqt mobaynida O‘zbekistonda amalga oshirilgan ishlarning ahamiyati nihoyatda ulkan ekanini ta’kidladi.

“O‘zbekiston hamisha bizning qalbimizda. Boisi, Imom Buxoriy, Imom Termiziydek buyuk zotlarni O‘zbekistondek yurt tarbiyalab, dunyoga taqdim etgan. Imom Buxoriyning kitoblari bo‘lmaganida, bugun bizning markazlarimiz ham bo‘lmas edi. Biz hamisha bu ulug‘ zotlar haqqiga duo qilamiz. O‘ylaymanki, O‘zbekistonning ziyorat turizmi sohasidagi salohiyati juda ham yuqori. Yaqin orada butun dunyo musulmonlari O‘zbekistonga oqib keladi”, - dedi A.Dubayan.

Uchrashuvda Islom madaniyati markazida O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy va betakror shaharlari, noyob tarixiy obidalari haqida foto ko‘rgazma tashkil etish, buyuk allomalarimiz hayoti va ilmiy merosi haqida ma’ruzalar o‘qish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Поделиться