O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi qaror: O‘zbekistonda nogiron haydovchilarning huquqlari kafolatlanadi
2018-03-09 | Jamiyat
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalaridan foydalanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi.
Bu haqda chorshanba kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Telegramdagi “Huquqiy axborot” kanalida xabar qilindi.
Qayd etilishicha, qaror bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning foydalanishi uchun respublikada ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarni maxsus uskunalar bilan qayta jihozlash mazkur shaxslarning buyurtmalariga asosan “GM Uzbekistan” AJ rasmiy dilerlarining ixtisoslashtirilgan servis markazlari orqali amalga oshirilishi belgilandi.
Shu maqsadda “O‘zavtosanoat” AJga 2019 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda “GM Uzbekistan” AJ rasmiy dilerlarini zarur vosita va uskunalar bilan ta’minlash vazifasi yuklanmoqda.
Endilikda:
- bozorlar, savdo majmualari va boshqa obyektlar hududlaridagi to‘xtab turish joylari umumiy maydonining kamida 5 foizi (kamida 2 ta joy) I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalari to‘xtab turishi uchun ajratiladi.
- to‘xtab turish joylaridan uzoq va noqulay joyda joylashgan obyektlari atrofida nogironligi bo‘lgan shaxslarga tegishli avtotransport vositalari uchun vaqtinchalik to‘xtab turish joylari tashkil etiladi;
- to‘xtab turish joylaridan foydalanganlik uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar va 16 yoshgacha nogiron bolasi bo‘lgan ota-onalardan haq olinmaydi.