O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro valyuta fondi missiyasi bilan uchrashuv
2018-03-07 | Iqtisodiyot
2018 yil 7 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi Botir Parpiyevning Xalqaro valyuta fondi missiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda soliq ma’muriyatchiligi sohasidagi islohotlarni amalga oshirish, Xalqaro valyuta fondi tomonidan O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishini har yili baholab borish masalalari atroflicha muhokama etildi.
Shuningdek, byudjet tizimiga qo‘shimcha tushumlarning kelib tushishini ta’minlash maqsadida soliq organlarini modernizatsiya qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Soliq to‘lovchilar bilan o‘zaro munosabatda bo‘lish, ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlar tarkibini yanada kengaytirish hisobiga soliq organlari shaffofligini oshirish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.
Shu bilan birga jarayonlarni avtomatlashtirish darajasini ko‘tarish hamda axborotni qayta ishlash va tayyorlashning alohida tartibotlari bo‘yicha maxsus bo‘linmalarni ajratish hisobiga (davlat soliq inspeksiyasining oddiy xodimlarining) funksional vazifalarning murakkabligini optimallashtirish va kamaytirish muhim ekanligi aytildi. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga aralashishni yuqori darajada qisqartirish, soliq yukini pasaytirish ham muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Ushbu yo‘nalishda qabul qilingan qonun hujjatlaridan kelib chiqqan holda respublika soliq ma’muriyatchiligini zamonaviy asosda yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha eng muhim yo‘nalishlar belgilab olindi.