O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ayollarning baxti–xalqimiz, jamiyatimizning baxtidir
2018-03-07 | Siyosat
Mamlakatimizda 8 mart–Xalqaro xotin-qizlar kuni keng nishonlanmoqda. Ushbu ayyom munosabati bilan poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz”da tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, mamlakatimiz xotin-qizlarini bayram bilan tabrikladi.
Bu qutlug‘ ayyomda hurmatli ayollarimizga eng samimiy, eng ezgu tilaklarimizni izhor etar ekanmiz, birinchi navbatda muqaddas va mo‘tabar Ona siymosiga ta’zim qilamiz. Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir, dedi Prezidentimiz. Mening tilagim, mening maqsadim bitta – oilangiz, farzandlaringiz, el-yurtimiz baxtiga hamisha sog‘-omon bo‘linglar! Nega deganda, ayollarimizning baxti – xalqimiz, jamiyatimizning baxtidir.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 2 martdagi qaroriga muvofiq bu yil yangi tartib asosida 28 nafar faol qizlarimiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Bugungi kunda jamiyatimizda xotin-qizlarning oilalarni mustahkamlash, yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, xalqimizning ko‘p asrlik boy ma’naviy merosini asrab-avaylash, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish va aholi farovonligini yuksaltirish borasidagi ulkan xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib qadrlanmoqda.
7 mart kuni Prezidentimiz ayollarimiz, opa-singillarimizga quvonch ulashgan yana bir hujjat – “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi. Mamlakatimizning ishlab chiqarish tarmoqlari, tadbirkorlik, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat, san’at va boshqa sohalarida samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh ayollar faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan tashrif buyurgan opa-singillarimiz, turli vazirlik va idoralar vakillari to‘kin dasturxon atrofida jam bo‘ldi.
Tadbirga mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan diplomat ayollar, jumladan, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Xitoy Xalq Respublikasi, Fransiya, Misr Arab Respublikasi elchilarining ham taklif qilingani xalqimizga xos bag‘rikenglik, ayol zotiga bo‘lgan hurmat-e’tiborning yana bir ifodasi bo‘ldi.
Bayram san’at ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi bilan davom etdi.