O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sog‘liqni saqlash vazirligi: Karmanadagi ovqatdan zaharlanish holati barqarorlashtirilmoqda
2018-03-07 | Sog‘liqni saqlash
Navoiy viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 2018 yil 6 mart kuni 13 nafar, Karmana tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga 27 nafar bemor “Ovqatdan zaharlanish” birlamchi tashxisi bilan yotqizildi. Ularning barchasida ko‘ngil aynishi, qayt qilish, qorinda og‘riq kabi shikoyatlar bo‘lgan.
7 mart soat 15:00 holatiga ko‘ra, Navoiy viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida qolgan bemorlardan 12 nafarining ahvoli qoniqarli bo‘lib, uylariga javob berildi. Hozirda bir nafar bemor shifoxonada davolanmoqda.
Karmana tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limidagi bemorlardan 10 nafari uylariga javob berildi. Shifoxonada 17 nafar bemor davolanmoqda.
Ayni vaqtda shifoxonalarda jami 18 nafar bemor davolanmoqda.
O‘tkazilgan birlamchi epidemiologik tekshirish natijasida quyidagilar aniqlandi. Shikoyat qilganlarning barchasi Karmana tumanidagi yangi GRES qurilishida ishlayotgan “CALIK ENERJI”AS kompaniyasi ishchilari bo‘lgan. Ular soat 12.00 dan 13.00 gacha shu hududda faoliyat ko‘rsatayotgan “WHITEHOUSE INVESTMENTS’ LTD oshxonasida ovqatlangan.
Soat 16.00 da bir necha ishchilar ko‘ngil aynishi, qayt qilish, qorinda og‘riq kabi shikoyatlar bilan “CALIK ENERJI”AS kompaniyasining tibbiy punktiga murojaat qilgan. Shundan keyin bemorlar viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga va Karmana tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizilgan. 2018 yil 6 mart soat 22:30 dan keyin tibbiy muassasalarga boshqa murojaatlar bo‘lmadi.
Ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida nazorati tashkil etildi. Navoiy viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi, Karmana tuman tibbiyot birlashmasi zarur dori-darmonlar, infuzion eritmalar, bir marotaba ishlatiladigan shpris va sistemalar bilan yetarli miqdorda ta’minlangan.
Yuzaga kelgan epidemik vaziyatni joyiga chiqib o‘rganish, bemorlarga va mahalliy mutaxassislarga o‘z vaqtida har jihatdan amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari, Respublika Bosh Davlat sanitariya vrachi S.Saidaliyev boshchiligidagi guruh 6 mart kuni Karmana tumaniga yuborildi. Ushbu guruh tarkibida, shuningdek, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish insituti direktori A.Abdushukurov, institut klinikasining reanimatologi B. Navro‘zov, Respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi bo‘lim mudiri K.Boqiyev ham bor.
Hozirda “WHITEHOUSE INVESTMENTS’ LTD oshxonasida tushlik vaqtida ishchilarga berilgan oziq-ovqat mahsulotlari va ulardan tayyorlangan taomlardan, tashqi muhit obyektlaridan hamda bemorlardan biologik namunalar olinib, laboratoriyada tahlili uchun viloyat Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining laboratoriyasiga topshirildi.
Shifoxonada davolanayotgan bemorlarning ahvoli qoniqarli, og‘ir bemorlar yo‘q, ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.