O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Endi viloyat kutubxonalariga kitoblar bepul yetkazib beriladi
2018-03-07 | Jamiyat
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan mamlakatimizdagi nashriyotlarda chop etilgan badiiy-ilmiy, siyosiy-ijtimoiy, falsafiy va ommabop kitoblar, darsliklar, lug‘atlar, ensiklopedik to‘plamlar viloyat axborot kutubxonalariga bepul yetkazib beriladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 13-sentabrdagi qarori kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini takomillashtirish, o‘zbek va dunyo adabiyotining eng sara namunalarini internet tarmoqlariga joylashtirish va ularni targ‘ib qilish hamda keng kitobxonlar ommasiga yetkazishda muhim omil bo‘lmoqda.
Ana shunday imkoniyatlardan unumli foydalangan mazkur agentlik bir qator ezgu ishlarni amalga oshirilmoqda. Xususan, agentlik tizimidagi nashriyot va nashriyot-matbaa ijodiy uylarida 2017-yil yakuni bo‘yicha jami 516 nomdagi 33,2 million nusxada kitob mahsulotlari nashr etildi.
Nashr etilgan kitoblarning targ‘iboti bo‘yicha “O‘zbekiston”, “O‘zbekiston 24”, “Yoshlar”, “Toshkent”, “Madaniyat va ma’rifat”, “Mahalla” va hududiy telekanallar bilan samarali hamkorlik qo‘yilgan. Shuningdek, kitobxonlik, kitob o‘qish va mutolaa madaniyatini oshirish hamda yangi badiiy adabiyotlar muhokamasiga yo‘naltirilgan “Adabiy jarayon”, “Jahon adabiyoti”, “Radiokitob”, “Kitob haqida”, “Kitob shou”, “Meni o‘zgartirgan kitob”, “Ijodiy uchrashuv”, “Mutolaa zavqi”, “Kitob va kitobxon” hamda
“Yangi nashr” teleloyihalari amaliy ahamiyat kasb etmoqda.
Yana bir e’tiborli jihat shuki, Prezidentmizning joriy yil 19-fevraldagi farmoniga asosan endi Respublika axborot-kutubxona markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot-kutubxona markazlarini O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tasarrufiga o‘tkaziladi. Bu esa tizim faoliyatini har jihatdan mukammal tashkil etishga keng yo‘l ochadi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA