O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2018-yil Qozog‘istonda "O‘zbekiston yili"
2018-03-07 | Jamiyat
Istiqlol yo‘lini bir davrda boshlagan ikki mamlakat bugun taraqqiyotning yangi bosqichiga birgalikda qadam qo‘ymoqda
O‘zbekiston bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va ahil qo‘shnichilikni mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya imzolangan.
Qayd etish kerak, mamlakatlarimizning savdo-iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashda ishbilarmonlarning qo‘shma tadbirlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Biznes-forumlar, B2B doirasidagi muzokaralar istiqbolli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish, jumladan, ularning asosiy parametrlari va moliyalashtirish manbalarini ko‘rib chiqishda muhim omil bo‘lmoqda. 2017 yilning mart oyida Ostona shahrida hamda sentabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan biznes-forumlarda umumiy qiymati 1,2 milliard dollarga teng bitimlar imzolangani bu fikrga yorqin misoldir.
“GM Uzbekistan” bilan Qozog‘istonning avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchi “AllurGroup” milliy kompaniyasi o‘rtasida Qo‘stanayda “Ravon” brendi ostida yengil avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvga erishilgani sanoat sohasidagi hamkorlikning yana bir muvaffaqiyati bo‘ldi.
Hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar viloyatlar kesimidagi tashqi hamkorlik aloqalarining aniq va shaffof bo‘lishini ta’minlash, tahlil qilish, mamlakat iqtisodiyotida har bir mintaqaning o‘rni bo‘yicha doimiy axborotga ega bo‘lish imkonini bermoqda. Bu boshqaruvning eng xalqchil va demokratik sanalgan "pastdan yuqoriga" tamoyilini ro‘yobga chiqarish uchun ham asos bo‘lyapti.
Bugungi kunda mamlakatimizda Qozog‘iston kapitali ishtirokida tuzilgan qariyb 230, Qozog‘istonda O‘zbekiston ishbilarmonlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan 130 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Ayni paytda tomonlar qo‘shma korxonalar tuzish, istiqbolli loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarni yanada faollashtirmoqda. Bu intilishlar Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e’lon qilingan 2018-yilda katta yutuqlar keltirishiga shubha yo‘q.