O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Deputatlar turizmni, sud tizimini rivojlantirishga xizmat qiladigan va xalqaro munosabatlarni mustahkamlaydigan qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar
2018-03-06 | Jamiyat
6-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar qonun ustuvorligini ta’minlashga va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga, sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar. Shuningdek, deputatlar turizm industriyasini jadal rivojlantirish, turistik xizmatlarni diversifikatsiya qilish va sifatini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Qonun loyihalarini qabul qilish, parlament vakillarining fikriga ko‘ra, Harakatlar strategiyasini samarali amalga oshirishga xizmat qiladi.
Deputatlar o‘z ishlarini Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdan boshladilar.
Ta’kidlanganidek, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilishi natijasida uy-joy kommunal xizmatlar ko‘rsatish, ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanish, shuningdek, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining moliyaviy-iqtisodiy barqarorligini oshirish bo‘yicha samarali va sifatli yangi tizim shakllantirildi.
Ayni paytda respublikada uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida 157 ming nafardan ortiq xodim va xizmatchi faoliyat ko‘rsatmoqda. Yuqorida qayd etilgan fikrlardan kelib chiqqan holda, kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, sadoqat bilan bajarilgan mehnatni rag‘batlantirish maqsadida qonun loyihasida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tashkil etilgan kun – 18-aprelni Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni etib belgilash taklif etilmoqda.
Shundan keyin deputatlar “Umumjahon pochta ittifoqining Ustaviga To‘qqizinchi qo‘shimcha bayonnomani (Istanbul, 2016-yil 6-oktabr) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.
O‘zbekiston 1994 yildan buyon Umumjahon pochta ittifoqining a’zosi hisoblanadi, uning faoliyatida faol ishtirok etadi va xalqaro munosabatlarni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Umumjahon pochta ittifoqining Ustavi Umumjahon pochta aloqasining asosiy hujjatidir. Kongress tomonidan ushbu Ustavga o‘zgartish qabul qilinganda Qo‘shimcha bayonnoma tuziladi. Umumjahon pochta ittifoqining XXVI kongressida qabul qilingan Umumjahon pochta ittifoqining Ustaviga doir qo‘shimcha bayonnomadan kelib chiquvchi O‘zbekiston Respublikasining huquqlari va majburiyatlarini amalga oshirish maqsadida ushbu qo‘shimcha bayonnomani implementatsiya qilish bo‘yicha davlat ichida tartib-taomillarni o‘tkazish zarur.
Qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizga Umumjahon pochta ittifoqining Ustavidan kelib chiquvchi huquq va majburiyatlarni amalga oshirish, xalqaro tashkilotlarda o‘z manfaatlarini himoya qilish imkonini beradi. Bundan tashqari, Umumjahon pochta ittifoqiga a’zo mamlakatlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga, shuningdek, yangi texnologiyalar va andozalarni qo‘llagan holda sifatli, samarali va xavfsiz pochta aloqasi xizmatlarini barqaror rivojlantirishni davom ettirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, “Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti Ustavini (Boku, 2015-yil 26-noyabr) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Mazkur hujjatning qabul qilinishi, qonun chiqaruvchilarning fikriga ko‘ra, ushbu sohalarda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga, O‘zbekistonning madaniy-gumanitar sohadagi yutuqlarini keng targ‘ib qilishga, mamlakatimizning islom tamaddunidagi buyuk rolini yoritishga, respublikamizning qadimiy tarixi va madaniy merosi bilan tanishtirishga xizmat qiladi. Shuningdek, Ustavning kuchga kirishi bilan Toshkent islom universiteti huzuridagi ISESCO Maxsus kafedrasining to‘laqonli faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
So‘ngra deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 356-moddasiga kiritilayotgan tuzatishni muhokama etishga kirishdilar. Xalq noiblarining ta’kidlashicha, kiritilayotgan qo‘shimcha elektron tijorat infratuzilmasini joriy etishni hamda turistik xizmatlarni onlayn-bronlashtirish va turistik mahsulotlarni internet orqali sotish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi turistik faoliyat subyektlari sonini ko‘paytirishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda maromiga yetkazish doirasida tahririy tuzatishlar kiritildi. Rossiya, Belarus va Gruziya kabi xorijiy mamlakatlar tajribasi takroran o‘rganildi. Shuningdek, parlament fraksiyalarining takliflari va tavsiyalari hisobga olindi.
Ularning fikriga ko‘ra, ushbu qonunning qabul qilinishi mazkur sohada ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va tezkorligini oshirishga, shu jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol joriy etish yo‘li bilan oshirishga, turistik xizmatlar narxini pasaytirishga, raqobatni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shundan so‘ng deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat- protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqishga kirishdilar. Mazkur hujjat jinoyat sudi ishlarini yuritishni jiddiy tarzda o‘zgartiradi, sud protsessiga videokonferensaloqa tizimini joriy etish orqali odil sudlovdan foydalanishni kengaytiradi.
Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi huzurida Bosh prokuratura, Oliy sud vakillaridan, ekspertlar va mutaxassislardan iborat tarkibda tuzilgan ishchi guruh tomonidan mamlakatimizning amaldagi qonun hujjatlari va xorij tajribasi takroran o‘rganildi. O‘zbekiston Respublikasining yaqinda qabul qilingan Fuqarolik protsessual va Iqtisodiy protsessual kodekslari qoidalari hisobga olindi.
Xalqaro amaliyot shuni ko‘rsatadiki, videokonferensaloqadan jinoyat sudi ishlarini yuritishda yanada haqqoniyroq guvohlik ko‘rsatmalarini olish hamda ozodlikdan mahrum etish joylarida bo‘lgan shaxsning protsessda ishtirokini ta’minlash maqsadida foydalaniladi. Kiritilayotgan tuzatishlar sud himoyasiga bo‘lgan huquqni amalga oshirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish imkonini beradi.
Deputatlar siyosiy partiyalar fraksiyalarining nuqtai nazarini inobatga olgan holda ushbu qonun loyihalarini qabul qildilar. Majlisda parlament Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilindi.