O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bugun O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi moliya vazirliklari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolanadi
2018-03-06 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 4-5-aprel kunlari Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi davomida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolangandi.
Memorandumda soliq siyosati, soliq ma’murchiligi hamda mahalliy byudjetlarning mustaqilligini oshirish sohasida hamkorlikni mustahkamlash nazarda tutilgan.
2018-yilning 5-mart kuni Rossiya Federatsiyasi moliya vaziri o‘rinbosari S.Storchak, Federal soliq xizmati rahbari o‘rinbosari A.Overchuk, Federal bojxona xizmati rahbari o‘rinbosari T.Maksimov, ilmiy tekshirish moliya instituti direktori V.Nazarov, Moliya vazirligi va Federal soliq xizmatining yetakchi departamentlari rahbarlaridan iborat Rossiya delegatsiyasi Toshkent shahriga tashrif buyurdi.
Shu kuni Toshkent shahrida vazirliklararo o‘zaro muloqotlar doirasida ishchi guruhlarning uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar davlatlarning milliy iqtisodiyoti holati to‘g‘risida ma’lumot almashinib, Rossiya – O‘zbekiston aloqalarining rivojlanishi hamda moliya sohasida o‘zaro faoliyat istiqbollarini belgilab oldi.
Rossiya vakillari tomonidan soliq to‘lovchilar bilan ishlashda mijozga qaratilgan yondashuvni takomillashtirish, shuningdek soliq organlarining korporativ uslubini ishlab chiqish va joriy qilish tajribasi yoritib berildi. Davlat moliyaviy nazoratini takomillashtirish, yer uchastkalarining kadastr bahosi tizimini joriy qilish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalarni shakllantirishga tayyor ekanliklari ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqildi. Yo‘l xaritasi ikki davlat moliya vazirlarining 2018-yil 6-martda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvida imzolanishi kutilmoqda.