O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

«Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi

2018-03-05 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatidagi faoliyatining ilk kunlaridan Markaziy Osiyo davlatlari bilan amaliy, o‘zaro manfaatli va yaxshi qo‘shnilik munosabatlarini shakllantirish, mintaqada xavfsizlikni ta’minlashni tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgiladi. 

O‘zbekiston rahbari mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga doir strategik qarashlarini2017-yilning sentabr oyida Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida batafsil bayon qildi. So‘ng o‘tgan yilning noyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan "Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik" mavzusidagi konferensiyada davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo, jumladan, Afg‘onistonda mustahkam tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi qo‘shma sa’y-harakatlarning keng qamrovli dasturini taklif etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining nutqlaridagi dasturiy nizomlar, uning Markaziy Osiyo va Afg‘onistondagi joriy vaziyat, rivojlanish istiqbollariga bergan bahosi xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otdi. 

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, «Evroosiyoning “yuragi”da joylashgan Markaziy Osiyo? Yevropa va Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyoni bog‘lovchi ko‘prikdir». Mintaqamiz tabiiy resurslarga boy, bu yerda ko‘plab mamlakatlar va butun mintaqalar rivojiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatgan noyob madaniyat va taraqqiyot salohiyati mavjud. 

Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyevning fikricha, Markaziy Osiyoda jahonning qudratli davlatlarining manfaatlari kesishmoqda, beqarorlik va qarama-qarshilik o‘choqlariga tutash bo‘lgan ushbu mintaqa yaqin va uzoq xorijda ro‘y berayotgan barcha salbiy jarayonlar ta’sirini his etmoqda. 

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidenti adolatli savollarni o‘rtaga tashladi: mintaqada vaziyat qanday rivojlanadi? Bu yerda qanday ssenariy ustun keladi – nizo va qarama-qarshiliklarmi yoki hamkorlik va taraqqiyotmi? 

Bu savolga javob ravshan – eng avvalo, barchasi Markaziy Osiyo davlatlari mintaqaning umumiy kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga nechog‘li tayyorligiga bog‘liq. 

Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari bilan chegaradosh bo‘lgan O‘zbekiston mintaqa barqarorlik, izchil taraqqiyot va yaxshi qo‘shnilik hududiga aylanishidan bevosita manfaatdor. 

Davlatimiz rahbari bir necha bor ta’kidlaganidek: «bizning bosh maqsadimiz – umumiy sa’y-harakatlarimiz bilan Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga aylantirishdan iborat». 

Ayni paytda eng dolzarb va o‘tkir muammolardan biri – qo‘shni Afg‘onistondagi nizoni hal qilmasdan turib oldimizda turgan maqsadlarga erishishning iloji yo‘q, chunki u tarixiy va geosiyosiy jihatdan mintaqamizning ajralmas bo‘lagi hisoblanadi. 

Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish – Markaziy Osiyoning barqarorligi va taraqqiyoti kafolatidir. Samarqanddagi xalqaro anjumanda so‘zga chiqar ekan, O‘zbekiston Prezidenti xavfsizlikka tahdidlarni “o‘ziniki va o‘zgalarniki” deb ajratishdan voz kechish, “yalpi xavfsizlik” tamoyiliga amalda rioya qilish zarurligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri da’vat qildi. 

Tinch Afg‘oniston Markaziy Osiyo davlatlarining Hind okeani va Fors ko‘rfazi portlariga eng qisqa yo‘lini ta’minlashi, Hindiston, Eron va Pokistonni Yevropa va Yaqin Sharq bozorlari bilan bog‘lashi mumkin. 

Shu munosabat bilan Afg‘onistonda tinchlik va xavfsizlik o‘rnatishning asosiy masalalari bo‘yicha keng va qat’iy xalqaro konsensusni tasdiqlash, mamlakatda milliy yarashuv bo‘yicha afg‘onistonliklar rahbarligida va ularning sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. 

O‘zbekiston doimo Afg‘onistondagi vaziyatni siyosiy jihatdan tartibga solishning qat’iy tarafdori hisoblangan va shunday bo‘lib qoladi. Mamlakatimiz qo‘shni davlatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda. 

Shu jihatdan Shavkat Mirziyoyev tomonidan Afg‘oniston bilan hamkorlikda joriy yilning 26-27 mart kunlari Toshkent shahrida «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasini o‘tkazish tashabbusining ilgari surilishi O‘zbekiston rahbariyatining mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha umumiy strategiyasining ajralmas bo‘lagi hisoblanadi. 

Mamlakatimiz afg‘on muammosiga bag‘ishlangan deyarli barcha xalqaro forumlarda faol ishtirok etmoqda. «Kobul jarayoni», «Moskva formati», «Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni» forumi, Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro aloqa guruhi, «ShHT – Afg‘oniston» aloqa guruhi, Afg‘oniston bo‘yicha mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasi shular jumlasidandir. 

19-yanvar kuni Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi davomida O‘zbekiston va Afg‘oniston tomonidan Toshkent forumining qo‘shma taqdimoti tashkil etildi. 

Toshkentdagi konferensiya 28 fevral kuni Afg‘oniston poytaxtida o‘tgan «Kobul jarayoni»ning ikkinchi yig‘ilishidan so‘ng bo‘ladi va xalqaro hamjamiyat tomonidan ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ladi. 

Konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani so‘zga chiqadilar. 

Toshkent uchrashuvida ishtirok etish uchun BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va tashkilotning Afg‘onistondagi maxsus vakili Tadamiti Yamamoto, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini, shuningdek, Xitoy, Rossiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Fransiya, Turkiya, Hindiston, Eron, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari tashqi siyosiy mahkamalari rahbarlari taklif etilgan. 

Forum ishtirokchilari mintaqaviy va global darajada tez orada Afg‘oniston hukumati bilan «Tolibon» harakati o‘rtasida hech qanday dastlabki shartlarni ilgari surmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish zaruriyati xususida umumiy nuqtai nazar bayon etilishi kutilmoqda. 

Konferensiya yakuni bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan bo‘lib, unda quyidagi muhim jihatlar o‘z aksini topishi ko‘zda tutilmoqda: 

birinchidan, tinchlik jarayoni afg‘onistonliklarning bevosita rahbarligi va ularning sa’y-harakatlari bilan BMT Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashi rezolutsiyalari va qarorlari nizomlariga muvofiq amalga oshishi kerak; 

ikkinchidan, qurolli muxolifat Afg‘onistonning siyosiy hayotiga kafolatli integratsiya qilinishi va qonuniy siyosiy kuch sifatida e’tirof etilishi tinchlik jarayonining muhim omili hisoblanadi; 

uchinchidan, xalqaro hamjamiyat terrorizmning har qanday shakl va ko‘rinishiga qarshi bo‘lib, transmilliy terrorizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilik tahdidlari nafaqat Afg‘oniston, balki umuman butun mintaqa va jahonning barqarorligi va izchil taraqqiyotiga umumiy xavf sanalishini e’tirof etadi. 

Toshkent konferensiyasi arafasida, shuningdek, hamkorlikning yangi shaklidagi «Markaziy Osiyo + Afg‘oniston» (C5+1) birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Ushbu format Afg‘onistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo-iqtisodiy va infratuzilma aloqalari tizimiga muvaffaqiyatli integratsiyasi, umummintaqaviy miqyosdagi aniq loyiha va dasturlarning samarali amalga oshirilishiga xizmat qiladi. 

Toshkent konferensiyasi xaqidagi tashabbusni ilgari surar ekan, O‘zbekiston uni bir martalik tadbir sifatida o‘tkazish bilan cheklanib qolmay, undan keyin ham ikki va ko‘p tomonlama munosabatlar doirasida Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish borasidagi siyosiy jarayonga ko‘maklashishga o‘z hissasini qo‘shishda davom etadi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosiy strategiyasini amalga oshirish asnosida O‘zbekiston afg‘on muammosini tinch yo‘l bilan yechish bo‘yicha siyosiy jarayonning faol ishtirokchisiga aylanmoqda. Bu jarayonda asosiy rol va javobgarlik o‘z mamlakati kelajagini belgilashi va qurishi kerak bo‘lgan afg‘onistonliklarning zimmasida ekanini yana bir bor ta’kidlash joiz. 

Toshkent konferensiyasi oldida turgan yuksak maqsadlar, shuningdek, uning ishida BMT Xavfsizlik Kengashining barcha doimiy a’zolari, ShHTga a’zo davlatlar va Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlar, jumladan, Markaziy Osiyoning beshta mamlakati ishtirok etishi butun dunyoda forum ishiga katta qiziqish uyg‘otmoqda. Tadbirni yoritishda qatnashish uchun jahon ommaviy axborot vositalari vakillarining katta guruhi tashrif buyurishi kutilmoqda. 

O‘zbekiston poytaxtidagi xalqaro uchrashuv yakunlari Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, uning izchil rivojlanishi uchun sharoit yaratish yo‘lidagi muhim bosqich bo‘lib, afg‘on xalqining farovonligini oshirish va uni mintaqa va umuman butun dunyodagi bunyodkorlik jarayoniga jalb etishga xizmat qilishiga umid qilamiz. Toshkent forumining muvaffaqiyati mintaqa davlatlarining tinchlik va taraqqiyot uchun keng imkoniyatlar eshigini ochgan holda, birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan umumiy muammolarni hal etishga qodirligini namoyon qilishi darkor. 

Поделиться