O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Voyaga yetmaganlar huquqlarini ta’minlash yo‘lida
2018-03-03 | Jamiyat
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan joriy yilning 27-fevral kuni Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazida voyaga yetmagan yoshlarning bo‘sh vaqtini maqsadli tashkil etishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Videoselektr tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda Xalq ta’limi vazirligi rahbar xodimlari, tegishli boshqarma va bo‘lim boshliqlari, respublika tashkilotlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vaziri, Toshkent shahar va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlari, tuman(shahar) xalq ta’limi bo‘limi mudirlari, ma’naviy-axloqiy tarbiya va bolalarning ijtimoiy himoyasi sho‘basi mudirlari, umumta’lim maktablari direktorlari ishtirok etdi.
Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev voyaga yetmaganlarning nazoratsizligi va muassasalarning bu boradagi mas’uliyatini kuchaytirish, bolalarning g‘ayriijtimoiy xulq-atvorini erta aniqlash va bartaraf etish borasidagi tadbirlar samaradorligini oshirishda soha mutaxassislari oldida turgan dolzarb vazifalar xususida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Shu bilan birga, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining xalq ta’limi tizimidagi ijrosi yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar hamda voyaga yetmaganlar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Bosh prokuratura boshqarma katta prokurori Davron Qurbonovning ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatuvchi pedagoglardan kelib tushayotgan murojaatlarda amaldagi qonunchilikka zid holatlar uchrayotgani, buni bartaraf etish uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlar xususida axboroti tinglandi. Xususan, joylarda ishga qabul qilish va ishdan nohaq bo‘shatish, mehnat ta’tilini turli vajlar ko‘rsatgan holda bermaslik yoki kadrlar bo‘yicha inspektor tomonidan xodim ish faoliyatida asqotadigan me’yoriy-huquqiy hujjatlarni to‘ldirishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni tuzatish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Shuningdek, kun tartibidagi boshqa masalalar yuzasidan so‘zga chiqqan ma’ruzachilar ta’lim muassasalari rahbarlarining mas’uliyatini oshirish, yuzasidan fikr-mulahazalarini bildirar ekan, bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish yuzasidan aniq taklif va tavsiyalar berildi va ta’lim-tarbiya jarayonini zamon talablari darajasida tashkil etish borasidagi dolzarb masalalar muhokama etilib, muhim vazifalar belgilab olindi.