O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Tabiiy gazni filtrlovchi qurilma

2018-03-02 | Texnologiyalar

Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi “Safety filtr” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yangi innovatsion loyiha – tabiiy gazni filtrlovchi qurilma ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur qurilma O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi va “O‘zstandart” agentligining muvofiqlik sertifikati hamda Rossiya Federatsiyasi “Rospatent” agentligining patenti asosida ishlab chiqarilmoqda.

Tabiiy gaz bir necha bosqichda tozalanishiga qaramasdan, iste’molchilarga yetib borgunga qadar gaz quvurlari ichki tomoni yemirilishi oqibatida keraksiz chiqindilar bilan to‘lib boradi. Ushbu chiqindilar bevosita gaz hisoblagich mexanizmiga kelib tushadi. Bu esa mexanizmning buzilishiga, tabiiy gaz ko‘lamining to‘g‘ri hisoblanmasligiga, texnik yo‘qotishlar ko‘payishiga, egasi aniqlanmagan noreal qarzdorlikning ortib ketishiga olib keladi.

– “To‘rtko‘ltumangaz” korxonasining abonent bo‘limida ko‘p yillik faoliyatim davomida fuqarolardan gaz bosimining pasayib ketishi, gaz hisoblagich uskunalarining muddatidan oldin ishdan chiqishi bo‘yicha shikoyatlar tushib turardi, – deydi “Safety filtr” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Ma’rufjon Rajapboyev. – Bu muammoning yechimini topishni oldimga maqsad qilib qo‘ydim. Natijada gaz hisoblagich uskunasini filtrlovchi qurilmani ixtiro qildim. Shu tariqa mazkur jamiyatga asos solindi. Bankdan olingan 380 million so‘m kredit mablag‘i evaziga xitoydan uskunalar olib keldik. “O‘ztransgaz” AJ tomonidan berilgan ruxsatnoma bo‘yicha To‘rtko‘l tumani hududida 2 ming 500 xonadonga mazkur qurilma o‘rnatilib, sinovdan o‘tkazildi. Natijasi yomon bo‘lmadi. Buni xonadon egalari ham tasdiqlamoqda.

– 2016 yil avgust oyida xonadonimdagi gaz hisoblagich ishlamay qolib, tuman gaz ta’minoti korxonasi mutaxassislariga murojaat qildim, – deydi To‘rtko‘l tumani markazi Toshkent ko‘chasida istiqomat qiluvchi Husan Davletov. – Ular tabiiy gazni filtrlovchi qurilma o‘rnatishimni tavsiya etdi. Men rozi bo‘lib qurilmaga buyurtma berdim. Mutaxassislar shu kunning o‘zida mazkur qurilmani o‘rnatib berdi. Mana shundan buyon gaz bosimi avvalgilardan ancha yaxshilandi, gaz hisoblagich ham to‘xtovsiz ishlamoqda. mazkur qurilmani yaqinlarim, tanish-bilishlarimga ham tavsiya etmoqdaman.

– Ushbu qurilma birinchi navbatda biz uy bekalari uchun qulay va tejamkor ekan, – deydi To‘rtko‘l tumani markazi Diyonat ko‘chasida yashovchi Farida Yuldasheva. – O‘tgan yili dekabr oyida mazkur filtrlovchi qurilmani o‘rnatganimizdan so‘ng uyimizda gaz bosimi yaxshilanib, gaz hisoblagich ham bir maromda ishlaydigan bo‘ldi.

Mas’uliyati cheklangan jamiyat direktori M.Rajapboyevning ta’kidlashicha, tabiiy gazni filtrlovchi qurilma keng joriy etilsa, gaz yetkazib beruvchi tashkilotlar iste’molchilarga tabiiy gaz hajmini gaz hisoblagich uskunalari orqali to‘g‘ri va aniq hisoblab berilishini ta’minlaydi. Natijada ortiqcha tabiiy yo‘qotish koeffitsiyentini qisman kamaytirish imkoniyati yaratiladi. Tuman gaz ta’minoti korxonasiga iste’molchilar tomonidan gaz hisoblagich uskunasi bilan bog‘liq ariza va murojaatlar kelib tushishi kamayadi. Mutaxassis xodimlarning mehnat unumdorligi oshadi.

Masalan, mamlakatimiz bo‘yicha 4 milliondan ortiq gaz hisoblagichning texnik yo‘qotishini kuniga taxminan 1 metr kubga kamaytirish natijasida egasi aniqlanmagan gazning sarflanish miqdori oyiga 120 million metr kubni, yiliga 1440 million metr kubni tashkil etadi. Natijada noreal qarzdorlikni 380 milliard so‘mga kamaytirish mumkin bo‘ladi.

Gaz zaxirasidan samarali va tejamli foydalanishga qaratilgan ushbu tashabbus har tomonlama qo‘llab-quvvatlansa, yetkazib berilayotgan gaz sifati yanada yaxshilanishiga, gaz hajmining to‘g‘ri o‘lchanishiga hamda gaz hisoblagich uskunalarining yaroqlilik muddatini uzaytirishga erishish mumkin. Shu nuqtai nazardan, jonkuyar mutaxassislar tomonidan ixtiro etilgan yangi uskuna tabiiy gazdan foydalanuvchilarning og‘irini yengil qilib, tabiat boyligidan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishga xizmat qiladi.

 

Anvar Nasirlayev, O‘zA

Поделиться