O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston–Tojikiston: Savdo-iqtisodiy hamkorlikda yangi bosqich boshlanmoqda

2018-03-01 | Iqtisodiyot

O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, an’anaviy yaxshi qo‘shnilik, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan munosabatlar xalqlarimiz manfaati yo‘lida izchil mustahkamlanib bormoqda. Ikki mamlakat Prezidentlarining siyosiy irodasi va azmu shijoati tufayli teng huquqli va o‘zaro manfaatli hamkorlik sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Keyingi 1-2 yil davomida O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlarida chuqur o‘zgarishlar yuz berdi. Ikki tomonlama aloqalar siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ijtimoiy-madaniy sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Toshkent va Dushanbe o‘rtasida aviaqatnov tiklandi, savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning majlislari o‘tkazildi, davlatlararo chegaralarni delimitatsiya qilish bo‘yicha uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Savdo-iqtisodiy munosabatlarni yaxshilash maqsadida 2017-yil aprel oyida Dushanbeda ilk marta O‘zbekiston milliy mahsulotlari ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Unda 160 dan ortiq kompaniya va 400 dan ziyod tadbirkor 1,5 mingdan ko‘proq turdagi mahsulotni, jumladan, elektrotexnika, farmatsevtika, attorlik, charm-poyabzal, kimyo, oziq-ovqat, to‘qimachilik sanoati va boshqa tarmoqlardagi ilg‘or yangiliklarni, qishloq xo‘jaligi texnikasi, yengil va yuk avtomobillari, avtobuslar, qurilish materiallari, liftlar, maishiy texnika, mebel jihozlari va boshqa mahsulotlarni namoyish qildi.

“4 kun davom etgan ko‘rgazma va ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokidagi biznes-forum yakunida 20 ga yaqin hujjat imzolandi. Ko‘rgazma dushanbeliklarda jo‘shqin hissiyotlar uyg‘otdi, u ko‘pchilik uchun ”haqiqiy syurpriz“ bo‘ldi, deb yozdi Tojikiston matbuoti. Odamlar o‘zbek mahsulotlarining sifatidan hayratga tushdi, qo‘shnilarining mustaqillik yillarida qo‘lga kiritgan yutuqlaridan xursand bo‘ldi”.

Javob tarzidagi ko‘rgazma Toshkentda 2017-yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tdi. Unda Tojikistonning neft-gaz, qurilish, transport, foydali qazilmalar, agrosanoat, farmakologiya, yengil sanoat, qayta ishlash sohalari, sog‘liqni saqlash, ta’lim, fan-texnika, turizm kabi tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatayotgan 150 dan ziyod kompaniyasi vakillari, tadbirkorlar qatnashdi.

Ushbu ko‘rgazma va biznes-forumlarning o‘tkazilishi tojikistonlik sheriklar bilan mahalliy mahsulotlarni xorijiy bozorlarga birgalikda yetkazish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga keng yo‘l ochdi. Bugungi kungacha Toshkent va Dushanbe shaharlarida tashkil etilgan ko‘rgazmalar doirasida umumiy qiymati 100 million dollardan ortiq bo‘lgan savdo shartnomalari imzolandi.

Bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro tovar aylanmasi hajmini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ikki davlat rahbarlari tomonidan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish yuzasidan ko‘rilayotgan muayyan chora-tadbirlar natijasida bu ko‘rsatkich izchil o‘smoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar aylanmasi 236,8 million dollarni tashkil etgan, bu 2016-yilgi ko‘rsatkichdan 20,2 foiz ko‘pdir.

O‘zbekistondan Tojikistonga asosan transport xizmatlari, mineral o‘g‘itlar va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilmoqda. Yurtimizda tojikistonlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan 24 korxona, Tojikistonda esa mamlakatimiz tadbirkorlari bilan birgalikda tuzilgan 9 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.

O‘tgan yili Tojikistonda O‘zbekistonning oltita savdo uyi ochildi. Shu kunlarda esa Toshkent shahrida Tojikiston savdo uyi faoliyat boshladi. Unda asosan “Gayur” kompaniyalar guruhining qurilish mahsulotlari taqdim etilgan. Kelgusida savdo uyini Tojikistonda ishlab chiqarilgan boshqa tovarlar bilan kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga bo‘lajak davlat tashrifi doirasida Dushanbeda “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi ostida milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarining biznes-forumi o‘tkaziladi. Mazkur tadbirlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ikki tomon ham birday e’tibor qaratayotganini ko‘rsatadi.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari salohiyati, tarixiy va madaniy merosga boy maskanlari taqdimotlari, sarmoyadorlar uchun yaratilgan keng ko‘lamdagi imkoniyatlar, innovatsion loyihalar namoyish etiladi. Ko‘rgazmaga har tomonlama puxta hozirlik ko‘rilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston va Tojikiston ishbilarmon doiralarining doimiy muloqoti ikki do‘st va qardosh mamlakatning o‘zaro munosabatlarini yanada mustahkamlash yo‘lida muhim omil bo‘lmoqda.

 

Matnazar Elmurodov, O‘zA

Поделиться