O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Siemens O‘zbekistonda “xavfsiz shahar” qurish kontseptsiyasini taqdim qildi
2018-02-28 | Texnologiyalar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyihalarni boshqarish tizimlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qarori asosida “Xavfsiz shahar” loyihasini tashkil etish va rivojlantirish kontseptsiyasi tasdiqlangan. Uning asosida mamlakatimizda xavf-xatarlarni, favqulodda vaziyatlarni, hodisalarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni kompleks boshqarish tizimini yaratish ko‘zda tutilgan.
Shu kunlarda jahon IT-sanoatining yirik ishlab chiqaruvchilari O‘zbekistonda “xavfsiz shahar” loyihasini amalga oshirishda hamkorlik qilish istagini bildirmoqdalar va mamlakatimizda axborot texnologiyalari kompaniyalariga yaratilgan qulay imkoniyatlardan foydalangan holda bu yo‘nalishda innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish bo‘yicha kontseptsiyalarini taqdim qilmoqdalar. Ular orasida Germaniyaning Siemens kontserni ham bor.
2018-yilning 28-fevralida “Aloqa tarixi” muzeyida “Xavfsiz shahar” kontseptsiyasini amalga oshirishda Siemens xalqaro kontsernining tajribasiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxajaev hamda Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Gyunter Overfeld kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
Tadbirda “xavfsiz shahar” tendentsiyasining aholi hayoti va faoliyatini tabiiy, texnogen, ijtimoiy-biologik, ekologik, jinoiy va boshqa barcha tashqi tahdidlardan muhofaza qilishdagi o‘rni hamda uy-joy kommunal xo‘jaligi va boshqa ijtimoiy obyektlarni yagona axborot makoniga birlashtirishning afzalliklari ta’kidlandi.
Siemens ilgari surayotgan sanoat, energetika, sog‘liqni saqlash sohalarida AKTni joriy qilish, transport logistikasi va avtomobillar harakatini “aqlli” boshqarish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash hamda elektr tarmoqlarida “aqlli tarmoqlar” (Smart-Grid) texnologiyasidan foydalanish shahar infratuzilmasini rivojlantirish va xavfsizligini ta’minlash, mavjud resurslardan unumli foydalanish, raqobatbardoshlikni oshirish hamda barqaror taraqqiyotga xizmat qilishi qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda “xavfsiz shahar” loyihasini yaratishda xalqaro hamkorlarni aniqlash bo‘yicha tender tanlovlari davom etmoqda.