O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Britaniya nashri: “O‘zbekiston e’tibor tortishning markazi bo‘lib qolmoqda”
2018-02-28 | Iqtisodiyot
Britaniyada chop etiladigan sarmoyadorlarning “Europe & Middle East Outlook Magazine” jurnalida fikr bildirilishicha, hozir O‘zbekistonga diqqat jalb etishning ayni vaqtidir.
“Hozirgi hukumat tomonidan qabul qilingan qator muhim qarorlar va so‘ngra sarmoyaviy muhitda ro‘y bergan diqqatga sazovor o‘zgarishlar tufayli O‘zbekiston e’tibor tortishning markazi bo‘lib qolmoqda”. Mazkur jurnal portalida e’lon qilingan mamlakatimiz haqidagi maqolada ana shunday fikr o‘z ifodasini topgan.
Ushbu material joriy yil may oyida bo‘ladigan Global Oil & Gas Uzbekistan / OGU 2018 22-xalqaro ko‘rgazmasi va konferensiyasiga bag‘ishlangan. Ma’lumki, mazkur anjuman an’anaviy ravishda tarmoq kompaniyalari, sohaning ishbilarmon doiralari va ilmiy-tadqiqot markazlari vakillarini o‘z atrofiga to‘playdi. Ma’lum qilinganidek, tadbirning biznes-dasturi texnologik “davra suhbatlari” va seminarlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, bularning barchasi mavjud munosabatlarni yanada mustahkamlash va yangi amaliy aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun juda qulay imkoniyatni yaratadi.
“Ko‘rgazma va konferensiya kon-qidiruv loyihalari, muqobil va qayta tiklanadigan energiya manbaalari, neft-gaz uskunalari, uglevodorod xom-ashyosini chuqur qayta ishlashga yo‘naltiriladigan sarmoyalarni jalb etish, neft-kimyo sanoati loyihalari va boshqa yo‘nalishlardagi hozirgi holat hamda uning istiqbollarini baholash imkonini beradi”, deb yozadi nashr.
Britaniya jurnali o‘tgan yillar davomida orttirilgan tajriba xususida to‘xtalar ekan, mazkur ko‘rgazma va konferensiya keng qamrovli sarmoyaviy loyihalarda ishtirok etadigan dunyo neft-gaz jabhasi yetakchilarining o‘rtasida ishonch qozonganini alohida ta’kidlagan.