Boks bo‘yicha “Uzbek Tigers” jamoasi Butunjahon boks seriyalari (WSB) VIII mavsumidagi uchinchi bahsida Toshkent shahridagi “Unversal” sport majmuasida Kolumbiyaning “Colombia Heroicos” jamoasiga qarshi ringga ko‘tariladi.
1-mart kuni bo‘lib o‘tadigan mazkur bahs oldidan "CITY PALACE" mehmonxonasida har ikkala jamoa o‘rtasida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda har ikkala jamoa a’zolari ertangi bahs oldidan nimalar kutayotgani haqida o‘z fikrlarini aytib o‘tishdi. Shuningdek, matbuot anjumani doirasida vazn o‘lchash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi (AIBA) tomonidan tashkil etilgan turnirning bu yilgi bahslarida jamoalar uch mintaqaga bo‘lingan holda o‘zaro kuch sinashmoqda. “Uzbek Tigers” Amerika mintaqasidagi bahslarda ishtirok etayotir. Bokschilarimiz "Colombia Heroicos” (Kolumbiya), “Cuba Domadores” (Kuba) va “Caciques de Venezuela” (Venesuela) kabi kuchli jamoalar vakillari bilan bellashmoqda.
Butunjahon boks seriyalari (WSB)ning VIII mavsumida “Uzbek Tigers” dastlabki uchrashuvda safarda “Cuba Domadores” (Kuba)ga 5:0 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, ikkinchi uchrashuvda kubalik bokschilar ustidan 4:1 hisobida zafar quchdi.
"Colombia Heroicos” jamoasi esa Kolumbiyada musobaqaning dastlabki turida Venesuelaning “Caciques de Venezuela” jamoasini 3:2 hisobida yenggan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA