O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston “Futbol do‘stlik uchun” loyihasida ikkinchi bor ishtirok etadi
2018-02-27 | Sport
FIFA va futbol bo‘yicha 2018-yilgi jahon chempionatining rasmiy hamkori bo‘lgan “Gazprom” kompaniyasi “Futbol do‘stlik uchun” xalqaro bolalar loyihasining oltinchi mavsumi start olganini e’lon qildi.
Loyihaning asosiy maqsadi dunyo yoshlari o‘rtasida do‘stlik, tinchlik, turli millat va madaniyat vakillariga hurmat kabi yuksak insoniy tushunchalarni targ‘ib qilishdan iborat.
2018-yilda “Futbol do‘stlik uchun” loyihasida 211ta mamlakat vakillari ishtirok etadi. Mavsumning yakuniy tadbirlari 8 iyundan 15 iyunga qadar Moskva shahrida bo‘lib o‘tadi.
Ochiq qur’a tashlash marosimida 32 xalqaro do‘stlik terma jamoasining tarkibi, shuningdek, ishtirokchilarning o‘yin pozitsiyalari aniqlandi. Jamoalar “Futbol do‘stlik uchun” tamoyiliga ko‘ra tuzilib, ularning har birida turli millat va jinsdagi, turfa xil jismoniy imkoniyatga ega sportchilar qatnashadi. O‘yinchilar 12 yoshda. Jamoalarni turli mamlakatlardan kelgan 14-16 yoshdagi murabbiylar shug‘ullantiradi. Tadbirlarni butun dunyodagi 5000 dan ortiq OAV yoritib boradi.
Shuningdek, “Futbol do‘stlik uchun” loyihasining Xalqaro bolalar matbuot markazida 211 ta davlatdan kelgan 12 yashar jurnalistlar musobaqalar haqida xabarlar tayyorlab boradi. Qur’aga ko‘ra, bu yil O‘zbekistondan mazkur loyihada yana darvozabon ishtirok etadigan bo‘ldi. Bu o‘ringa nomzodlar O‘zbekiston futbol federatsiyasining tanlovidan o‘tadi.
“Futbol do‘stlik uchun” loyihasining final bosqichi doirasida bu yil Moskvada: Xalqaro do‘stlik lageri, jahon va Rossiya futboli yulduzlari ishtirokida Xalqaro Bolalar futbol forumi ham tashkil etiladi.
“Biz FIFAning rasmiy hamkori bo‘lgan “Gazprom” kompaniyasining ajoyib tashabbusini mamnuniyat bilan qabul qildik, – deydi FIFA bosh kotibi Fatma Samura. – Mazkur forum turli mamlakatlardan kelgan bolalar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. FIFA bunday loyihalarni hamisha qo‘llab-quvvatlaydi”.