O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda bank xizmatlari iste’molchilari huquqlarini himoya qilish xizmati tashkil etildi
2018-02-27 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 9 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash departamenti negizida Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati tashkil etildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar qildi.
Xizmatning asosiy vazifasi bank xizmatlari iste’molchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoyalash, moliyaviy xizmatlar qulayligini oshirish, aholi va tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy savodxonlik darajasini oshirish hisoblanadi.
Bunda bank xizmatlari deganda tijorat banklari, mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar tushuniladi. Bank xizmatlari iste’molchilari deganda esa kredit tashkilotlaridan bank xizmatlarini olmoqchi bo‘lgan, olayotgan yoki olib bo‘lgan jismoniy shaxslar (ro‘yxatdan o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar ham) va yuridik shaxslar kiradi.
Xizmat o‘z faoliyati davomida tijorat banklari, mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan huquq buzilishlari holatlari bilan bog‘liq murojaatlarni ko‘rib chiqib, mazkur huquqbuzarliklarni bartaraf etish va iste’molchilarning huquqlarini tiklash bo‘yicha ishlar olib boradi.
Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish va kuchaytirish maqsadida Jamoat qabulxonalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Mazkur Jamoat qabulxonalariga iste’molchilar bank xizmatlari sohasidagi amaldagi qonunchilik normalari yuzasidan maslahat va tushuntirishlar olish maqsadida murojaat etishlari mumkin.
Shuningdek, moliyaviy xizmatlarning ommabopligini oshirish maqsadida, kredit tashkilotlariga bank xizmatlari iste’molchilarining manfaatlarini himoya etish standartlariga nisbatan qo‘yiladigan minimal talablarni belgilash, aholining bank tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash yuzasidan moliya-kredit tizimida tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish, bank xizmatlarini ko‘rsatish madaniyatini oshirish, mijozlarning talablarini qondirish imkonini beruvchi innovatsion bank xizmatlarini ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.
Iste’molchilarning bank filiallari ofislariga hech qanday to‘siqsiz kirishi uchun ma’murlar bilan ta’minlangan mijozlarni dastlab qabul qiluvchi va axborot-maslahat beruvchi tizim va shart-sharoitlar yaratiladi.
Shuningdek, iste’molchilarning xizmatlar bo‘yicha haqqoniy va batafsil axborot olishdagi huquqlarini amalga oshirish maqsadida kredit muassasalari tomonidan mijozlarga kredit shartnomasi tuzilishidan oldin kredit (zayom)ning haqiqiy qiymatini bilish imkonini beradigan “kreditning to‘liq qiymati” to‘g‘risida axborot taqdim etilishini ta’minlash choralari ko‘riladi.
Joriy yilning mart oyida Markaziy bankning internet-resursida (http://www.cbu.uz) Xizmatning alohida bo‘limi ochiladi. Ushbu bo‘limda bank xizmatlari iste’molchilari uchun batafsil ma’lumotlar joylashtirib boriladi.