O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston – AQSH: ishbilarmonlar onlayn videomuloqot qildi

2018-02-26 | Iqtisodiyot

Toshkentda 23 fevral kuni O‘zbekiston va AQSH ishbilarmon doiralarining onlayn videomuloqoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi hamkorligida tashkil etilgan videomuzokarada savdo, sarmoya, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, farmatsevtika, kimyo va oziq-ovqat sanoati, elektron mahsulotlar va qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralar, konsern va kompaniyalar vakillari ishtirok etdi. 

Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, O‘zbekistonning AQSHdagi Favqulodda va muxtor elchisi J.Vahobov va boshqalar mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik rivojlanib borayotgani, Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirishning muhim mexanizmiga aylanganini ta’kidladi. 

Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi ijrochi direktori Ye.Son, shuningdek, amerikalik tadbirkorlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 18-20 sentyabr kunlari AQSHga tashrifi chog‘ida bir guruh yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan bo‘lgan uchrashuv mamlakatlarimiz tadbirkorlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish, ikki tomonning imkoniyatlarini kengroq ishga solishda muhim omil bo‘layotganini alohida qayd etdi. 

O‘zbekistonning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-gumanitar, ma’naviy-ma’rifiy hayotida kechayotgan islohotlar xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ayniqsa iqtisodiy tarmoqda amalga oshirilgan keng miqyosli chora-tadbirlarga xalqaro tahlilchilar ijobiy baho bermoqda. Mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada erkinlashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi yangilanishlar O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi yanada ortishiga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda yurtimizda amerikalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tuzilgan 160 dan ziyod korxona faoliyat yuritayotgani O‘zbekistonda investorlarga qo‘shimcha qulaylik, imtiyozlar yaratish, valyuta siyosatini liberallashtirish borasidagi ishlarning samarasi, deyish mumkin. 

Onlayn videomuloqotda amerikalik ishbilarmonlarga yurtimizda turli sohalar, jumladan, agrar sanoatda faoliyat ko‘rsatayotgan chet ellik investor va sheriklar uchun qator soliq va bojxona imtiyozlari joriy etilgani haqida ma’lumot berildi. 

Tadbirda Amerikaning “WCC International” kompaniyasi mutasaddilari mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni AQSH bozoriga olib kirish imkoniyatlari, xalqaro marketing, elektron tijorat kabi mavzulardagi taqdimotlari bilan ishtirok etdi. AQSH ishbilarmon doiralari vakillari o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Поделиться