O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Dushanbeda “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi ostida milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi o‘tkaziladi
2018-02-26 | Iqtisodiyot
Mart oyining birinchi yarmida Dushanbe shahrida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi ostida milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi va ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari uchun biznes-forum bo‘lib o‘tadi.
Ko‘rgazmada avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, yengil sanoat, farmatsevtika, kimyo, neft va gaz, metallurgiya va elektrotexnika sanoati mahsulotlari, qurilish materiallari va hunarmandchilik buyumlari namoyish etiladi.
“Xorijiy mamlakatlarda shu kabi milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi va biznes-forumlarning o‘tkazilishi, xorijiy sheriklar bilan mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga yetkazish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga imkon beradi. Bugungi kungacha Toshkent va Dushanbe shaharlarida tashkil etilgan o‘zaro milliy ko‘rgazmalar doirasida qiymati 100 million dollardan ortiq bo‘lgan savdo sohasidagi shartnomalar imzolangan”, degan Tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev.
Hozirgi paytda o‘zbek mahsulotlarini sotib olish uchun Tojikiston banklariga kredit liniyalari taqdim etish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. Ushbu imkoniyat qisqa vaqt ichida ikki mamlakat o‘rtasida biznes faollikni sezilarli darajada oshirishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar aylanmasi 236,8 million dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 20,2 foizga ko‘pdir. Tojikistonga asosan transport xizmatlari, mineral o‘g‘itlar va oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilinadi. Shuningdek, O‘zbekiston hududida Tojikiston kapitali ishtirokida 22 korxona faoliyat yuritmoqda.