O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Maqsad faqat axborot berish emas
2018-02-21 | Jamiyat
Samarqandda “Davlat va hududiy dasturlar ijrosini yoritishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi va Samarqand viloyati hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda viloyatdagi bosma ommaviy axborot vositalari va internet nashrlar mas’ullari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari qatnashdi.
Xalqaro press-klub rahbari Sh.Qudratxo‘jayev, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi F.Toshev “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi hamda hududiy dasturlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish, bu jarayondan aholini o‘z vaqtida xabardor etishda ommaviy axborot vositalari oldida turgan vazifalar haqida so‘z yuritdi.
– Dasturlar asosida olib borilayotgan ishlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritishdan mahalliy hokimliklar ham manfaatdor, – deydi Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari M.Ibodullayev. – Bu avvalo, belgilangan vazifalar ijrosi jamoatchilik nazoratida ekani bilan mutasaddilar mas’uliyatini oshirsa, ikkinchidan, hokimiyat organlari faoliyatidan xalq xabardorligini ta’minlaydi. Shuning uchun bugun Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan barcha dasturlar, loyihalar haqida ommaviy axborot vositalari orqali ma’lumot berib borilmoqda.
Davra suhbatida jamiyatda kechayotgan yangilik va o‘zgarishlarni tezkor yoritish bilan birga, voqea-hodisalarga odamlar munosabatini shakllantirishda ommaviy axborot vositalari saytlari va ijtimoiy tarmoqlardan samarali foydalanish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.
G‘olib Hasanov, O‘zA