O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Bugun xalqaro ona tili kuni

2018-02-21 | Jamiyat

Til nafaqat muomala vositasi, balki xalqning tarixi, madaniyati, turmush tarzi, urf-odatini aks ettiruvchi ko‘zgudir.

Dunyodagi barcha xalqlar o‘zining milliy rasmiy tiliga ega deb aytolmaymiz. Chunki bu xalqning milliy mustaqilligi bilan bog‘liq. Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda har ikki haftada bitta til yo‘qolib bormoqda. Tilshunos olimlarning fikricha, yana 25 yildan so‘ng hozir muomalada bo‘lgan tillarning har o‘ntasidan bittasi saqlanib qolar ekan.

YUNЕSKO vakillarining so‘zlariga ko‘ra, qachonlardir odamlar so‘zlashadigan tillar soni 8 mingtagacha yetgan bo‘lsa, hozirgi kunda sayyoramizda 6 mingdan ziyod til mavjud bo‘lib, ularning 90 foizi yo‘qolib ketish arafasida. Bu asosan sivilizatsiya tufayli madaniyatidan ayrilayotgan kam sonli millatlar tillaridir. Bu tillarda so‘zlovchi aholining ayrimlari yozuvga ega bo‘lsa, ayrimlari bundan ham bebahra.

Masalan, Afrika tillarida so‘zlashuvchi aholining 80 foizi hamon o‘z yozuviga ega emas. Minglab tillardan ta’lim tizimida foydalanishning imkoni yo‘q. Internetdan foydalana olmaydigan tillar haqida-ku aytmasa ham bo‘ladi. Chunki yangi texnologiyalar rivojlanishi tufayli ayrim xalqlar o‘z tillaridan ko‘ra zamonaviy tillardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.

Bugun internetning 81 foizi ingliz tilida. To‘g‘ri, avvallari ham tillar paydo bo‘lgan, muomalada bo‘lib, qanchadir vaqtdan so‘ng yo‘q bo‘lib ketgan. Lekin hozirgidek vaziyat tarixda kuzatilmagan. Yo‘qolib ketish arafasidagi tillarni saqlab qolish yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning asosiy maqsadi ham madaniyatlar va tillar xilma-xilligini ta’minlashdan iboratdir. Chunki aynan til tufayli millat va elatlarning madaniyati, urf-odatlari saqlanib qoladi.

Tillar saqlanib qolishi uchun ularni qo‘llab-quvvatlash zarur. Aynan til tufayli insoniyat biror millatga mansubligidan faxrlanib yashaydi. Barcha tillarni tan olish va hurmat qilish tinchlikning kafolatidir. Shu sababli har bir xalq o‘z tilini saqlab qolishga intiladi.

Bugungi kunda dunyodagi mavjud tillarning teng yarmi sakkiz mamlakat – Meksika, Indoneziya, Kamerun, Braziliya, Hindiston, Xitoy, AQSH va Rossiyaga to‘g‘ri keladi. Eng ko‘p tilli mamlakat sifatida Hindiston tan olinadi. Bu mamlakatda aholi 845 til va lahjada so‘zlashadi.

Sayyoramizda eng ko‘p aholi so‘zlashadigan til sifatida xitoy, ingliz va ispan tillari tan olingan. Birinchi o‘nlikka hindi, bengal, arab, portugal, nemis, rus va yapon tillari kiritilgan. Jahon tillarining atigi 4 foizi Yevropa qit’asiga to‘g‘ri kelsa-da, eng ko‘p so‘zlashuvchi tillarning teng yarmi “ko‘hna qit’a”da ekani ma’lum bo‘ldi. 341 million kishi ingliz tilini ona tili deb biladi, biroq yana 350 million kishi bu tilni ikkinchi ona tili sifatida ko‘rishini ma’lum qilgan.

Tahlilchilar xitoy va ingliz tillari foydalanish bo‘yicha o‘z mavqeini oshirib borayotganini aytadi. Kuzatuvchilarning fikricha, foydalanuvchilar soni bo‘yicha ayni damda ingliz tili yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, XXI asr o‘rtalariga borib, xitoy tili asosiy til bo‘lib olishi mumkin.

Mavjud tillardan 90 foizining har biridan 100 ming aholi foydalanadi. Mana shuning o‘ziyoq bu tillarning kelajagi yo‘qligidan dalolat beradi. Masalan, 357 tilda atigi 50 kishi so‘zlashar, 46 tildan esa atigi bittadan odam foydalanar ekan. Ularning vafotidan so‘ng bu tillar yo‘qoladi. Olimlarning fikricha, til yashab qolishi uchun unda kamida bir millon kishi so‘zlashishi kerak. Biroq bunday tillar dunyoda atigi 250 ta.

YUNЕSKO nashr qiladigan “Yo‘qolib ketish xavfi arafasidagi jahon tillari atlasi”da Yevropadagi 50, Tinch okeani mintaqasidagi 200 til “xavf ostida” ekani ta’kidlanadi. Afrikadagi 1 ming 400 tildan 600 tasi kelajakda, 250 tasi yaqin orada butunlay yo‘qolishi haqida bong urilmoqda.

Yevropaliklar Amerika hududiga qadam qo‘yganida bu mintaqada minglab tillar mavjud edi. Ayni damda Shimoliy Amerika hindularning 150 tiligina saqlanib qolgan. Leypsig universiteti xodimi Baltazar Bikelyaning ma’lum qilishicha, Kavkazda atigi 3-4 kishi so‘zlashuvchi tillar bor.

Ayrim tahlilchilar tillarning yo‘qolishiga globallashuvdan tashqari, ba’zi davlatlar olib borayotgan siyosat ham sabab ekanini qayd etishdi. Bu vaziyat asosan Afrika mamlakatlarida uchramoqda.

Olimlarning fikricha, insoniyat tarixi davomida 9 mingdan ortiq til yo‘q bo‘lib ketgan. Nafaqat bosib olingan hududlardagi xalqlarning tillari, balki fotihlarning tillari ham yo‘qolib ketgani tarixdan ma’lum. Bu borada qadimgi yunon, oromiy, lotin, sanskrit, vediy, assuriy, qadimgi fors tillarini misol keltirish mumkin.

YUNЕSKO mutaxassislari o‘lib va yo‘qolib borayotgan tillarni qutqarish mumkinligini aytishadi. Misol tariqasida o‘tgan asrning 80 -yillarida Yaponiyaning Xokkaydo orolidagi atigi 8 kishi so‘zlashgan ayn tilini keltirish mumkin. Bugungi kunda tiklangan bu tilda bir necha ming kishi gaplashmoqda. Ikki ming yil davomida o‘lik til hisoblanib kelgan ivrit tili ham qayta iste’molga kiritildi. Hozir ivrit tilida 9 million kishi so‘zlashadi.

Qadimda xalqlar o‘z turar joylaridan majburan ko‘chirilgani bois, o‘zga tillarni o‘zlashtirishga majbur bo‘lgan. Endilikda kichik bir xalq yoshlarining kelajagi porloq sifatida qaraladigan ikkinchi xalq tilidan foydalanishga urinayotgani bois tillar yo‘qolmoqda.

Ona tilini muqaddas bilib yashagan xalq taraqqiy etadi, undan mosuvo bo‘lgan millat o‘z tarixi va kelajagidan uzilib, tanazzulga yuz tutadi.

Qachonki, bolalar o‘z ona tilida o‘qishni to‘xtatar ekan, o‘sha tilning yo‘qolish xavfi paydo bo‘ladi. Tillarning yashashi millatning madaniyati, urf-odati, rasm-rusumlari saqlanib qolishini anglatadi.

Til har bir millat madaniyatining o‘zagidir. Shu sababli ham tilning saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, urf-odat, an’analarini saqlaydi. Shunday ekan, ona tilimiz – o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishni istasak, har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashishimiz kerak. Zero, xorijiy tilni bilish insonning madaniyatidan, ziyoliligidan darak beradi. Ona tilini bilish esa har bir fuqaro oldidagi muqaddas burchdir.


Sharofiddin To‘laganov,

siyosiy sharhlovchi.

Поделиться